O‘zbekiston – Koreya: hamkorlikning yangi bosqichi nimani anglatadi?
Ayni kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi. Bu tashrif O‘zbekiston – Koreya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Ikki mamlakat qariyb uch yarim yil ichida diplomatik munosabatdan alohida strategik sheriklik darajasigacha salmoqli yo‘lni bosib o‘tdi. 2024-2026-yillarda yuqori texnologiya, sanoat kooperatsiyasi va muhim resurslarni chuqur qayta ishlashga asoslangan sheriklikning yangi modelini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 16-17-sentabr kunlari Seulda tarixda birinchi marta “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston – Koreya munosabatining bugungi holati va istiqboli xususida siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekiston va Koreya Respublikalari munosabati bugun qaysi bosqichda?
– Ikki davlat o‘rtasida 1992-yil 29-yanvarda o‘rnatilgan diplomatik munosabat nisbatan uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. 2006-yil Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. 2019-yil aloqalar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu Koreya Respublikasi diplomatik iyerarxiyasidagi eng yuqori darajalardan biri.
2024-yil 13-15-iyun kunlari Prezident Yun Sok Yolning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi. O‘zbekistonda yuqori texnologiya mintaqaviy xabini yaratish bo‘yicha Strategik dastur ishlab chiqishga kelishildi. 80 dan ortiq yetakchi koreys kompaniyasi ishtirokidagi biznes-forumda 9,6 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari to‘plami shakllantirildi.
Koreyada ma’muriyat almashishi jarayonga salbiy ta’sir qilgani yo‘q. 2025-yil 24-iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi yangi Prezidenti Li Chje Myon bilan telefon orqali muloqot qildi. 23-sentabrda esa ikki davlat rahbarlari Nyu-Yorkda uchrashib, yangi uzoq muddatli Texnologik va sanoat sherikligi dasturini tayyorlashga kelishdi. 2026-yil boshidan tovar aylanmasi 12 foiz o‘sdi. Koreys kompaniyalari uchun maxsus sanoat hududi tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. 3-may kuni Toshkent – Xiva yo‘nalishida ilk “Hyundai Rotem” poyezdi qatnay boshladi.
– Koreya va O‘zbekiston uchun qaysi jihatdan muhim? O‘zbekiston Koreya uchun qanday ahamiyatga ega?
– O‘zbekiston uchun Koreya Respublikasi nafaqat strategik sherik, balki modernizatsiya tajribasi bilan ham qiziq. Koreya aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni o‘tgan asr 60-yillaridagi taxminan 100 dollardan bugun 30 000 dollarga olib chiqqan. Sanoatlashtirish, eksport, ta’lim va innovatsiyaga tayangan ushbu tajriba biz uchun juda muhim.
Koreya iqtisodiyotimizga kiritgan sarmoya 8 milliard dollardan oshgan. Koreya Eksimbanki, EDCF jamg‘armalari va Koreya taraqqiyot bankining yurtimizdagi loyihalari jami qiymati 2 milliard dollardan oshgan. 1999-yildan buyon 2,6 milliard dollarlik 17 loyiha amalga oshirilgan.
Inson kapitali yo‘nalishi ham muhim. Koreyada 11 000 dan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Diyorimizda 4 koreys universiteti filiali ishlayapti. KOICA 1991-yildan buyon ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi sohalarida qariyb 250 million dollarlik loyiha amalga oshirdi.
Koreya uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim bozor va ishlab chiqarish maydoni. Mamlakatda koreys kapitali ishtirokida 1000 ga yaqin korxona faoliyat yurityapti. Zaminimiz qa’ridagi uran, volfram, molibden va kremniy kabi muhim minerallar Koreya yuqori texnologiyali sanoati uchun juda zarur. O‘lkamizda 170 000 dan ko‘p etnik koreys yashaydi. Bu ham ikki davlat o‘rtasidagi tabiiy ishonch ko‘prigi hisoblanadi.
– Savdo va investitsiyada ahvol qanday?
– 2023-yil o‘zaro tovar aylanmasi 2,5 milliard dollarga yetgan. 2025-yil logistika xarajati va jahon bozoridagi vaziyat ta’sirida bu ko‘rsatkich 1,7 milliard dollarga tushdi. Bu O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 2,1 foiziga teng. 2026-yil boshidan esa 12 foiz o‘sish qayd etildi. Koreys eksportida mashina va uskunalar, avtokomponent va kimyo mahsulotlari asosiy o‘rin tutadi. Respublikamiz ushbu hamkor davlatga asosan to‘qimachilik, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari va xizmati eksport qilmoqda.
2024-yil martda Seulda O‘zbekistonning birinchi Savdo uyi ochildi. Koreys savdo tarmog‘ida o‘zbek mahsulotlari uchun maxsus peshtaxtalar ko‘paymoqda. Sheriklikning yangi modelini izchil amalga oshirib, 2030-yilga borib tovar aylanmasini 3-4 milliard dollarga olib chiqish aniq maqsad sifatida belgilangan.
– “Sheriklikning yangi modeli” deganda aynan nima nazarda tutilyapti?
– Asosiy o‘zgarish shundaki, hamkorlik endi oddiy savdo va investitsiya bilan cheklanib qolmaydi. Markazda texnologiya va sanoat kooperatsiyasi turadi. Yuqori texnologiya mintaqaviy xab yaratish doirasida muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, yarim o‘tkazgich, kimyo sanoati, “yashil” vodorod va ammiak, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va zamonaviy energetika kabi yo‘nalishlar belgilangan.
Raqamli hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Koreya O‘zbekistonda “Elektron hukumat”ni rivojlantirishga ko‘maklashyapti. Endi sun’iy intellekt, ma’lumotni qayta ishlash markazi, “aqlli” shahar, kiber xavfsizlik va o‘zbek IT-xizmatini Koreya bozoriga olib chiqish kun tartibiga chiqqan.
– Shunday ulkan salohiyatga qaramay, hamkorlikka to‘sqinlik qilayotgan omillar ham bordek…
– Ha. Asosiy masala logistika bilan bog‘liq. Ikki davlatning umumiy chegarasi yo‘q, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniga ega emas. Demak, yetkazib berish yo‘li uzoq va qimmat. Savdoda ham nomutanosiblik bor. Koreyadan mashina va uskuna ko‘p import qilinadi, O‘zbekiston eksporti nomenklaturasi esa cheklangan.
Erkin savdo bitimi, xizmat savdosi va investitsiyani himoya qilish bo‘yicha bitimlar hali shakllanmagan. Standart va sertifikatlashtirishda ham farq bor. Shuningdek, arzon va uzoq muddatli moliyalashtirish, valyuta xatari, koreys tili va ishbilarmonlik madaniyatini biladigan mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud. Binobarin, bu muammolar yechib bo‘lmaydigan darajada emas. Har biri bo‘yicha ikki tomon ish olib boryapti.
– Seulda o‘tadigan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidan nimalar kutilyapti?
– Bu format ikki tomonlama munosabatga mintaqaviy o‘lchov qo‘shadi. “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi 2007-yildan buyon ishlab keladi. Endi muloqot davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilmoqda. 16-17-sentabrdagi sammitda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Ko‘zlangan natija – formatni institutsionallashtirish, yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish, ta’minot zanjiri va iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha dasturiy hujjatlar qabul qilish, muhim minerallar, transport va logistika, raqamlashtirish, “yashil” energetika va ta’lim bo‘yicha tarmoq platformalarini ishga tushirish. Mazkur anjuman O‘zbekistonga Koreya Respublikasining Markaziy Osiyodagi markaziy sheriklaridan biri sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
O‘zA muxbiri Dilshod Hakimov suhbatlashdi.