Sog‘lom jamiyat — ekologik barqaror kelajakning poydevori
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi xodimlari o‘rtasida "Sog‘lom turmush tarzi bilan ekologik barqarorlik sari" shiori ostida sport forumi bo‘lib o‘tdi.
Partiya xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jamoaviylik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, sportning inson salomatligi va faol hayotidagi muhim o‘rnini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil qilingan tadbir avvalida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Forum davomida partiya xodimlari sportning futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Qizg‘in bahslarda ishtirokchilar nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki zukkolik, tezkor fikrlash, strategiya va taktik mahoratini ham namoyon etdilar.
Sport musobaqalari partiya tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, jamoaviy ruh va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi. Shuningdek, partiya xodimlarining jismoniy va ma’naviy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayot tarziga aylantirish hamda ekologik mas’uliyatni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
M.Komilova, O‘zA