Kasb tanlovi – kelajak mezoni
Jizzax shahrida yoshlar, ish izlovchilar va tadbirkorlikka qiziquvchilar uchun “Kelajak tadbirkori – 2026” kasb ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlarini bir maydonda jamlagan tadbirda 15 mingga yaqin yoshlar hamda ish izlayotgan fuqarolar ishtirok etdi. Ko‘rgazma davomida mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari, kasb-hunar o‘rganish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirning ahamiyatli jihati, ish beruvchilar bilan ish izlovchilarning bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yilganida bo‘ldi. Natijada 4 mingga yaqin yosh yigit-qizlar ishga joylashtirildi yoki kasbga yo‘naltirildi. Tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga esa 3 milliard 200 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi.
[gallery-31391]
Ko‘rgazma viloyat hokimligi, Markaziy bank, “O‘zmilliybank” AJ, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Unda yoshlarga zamonaviy kasblarni egallash, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish va tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy imkoniyatlar taqdim etildi.
Zero, bugun yosh inson uchun kasb tanlash shunchaki bir yo‘nalishni belgilash emas, balki o‘z kelajagini qurish demakdir. “Kelajak tadbirkori – 2026” ko‘rgazmasi esa ana shu yo‘lda muhim imkoniyatlar eshigini ochadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbiri