Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish majburiyati bugungi kunda oilaviy-huquqiy munosabatlarni tartibga solishda alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jamiyatda oila institutining rivoji, ajralishlar sonining ortib borayotganligi, shuningdek, bolalar manfaatlarini samarali himoya qilish zarurati mazkur masalani chuqur ilmiy-huquqiy tahlil qilishni talab etadi.
Lotincha “alimentum” so‘zi – “oziq-ovqat”, “nafaqa”, “ta’minot”, “boqish uchun mablag‘lar” degan ma’nolarni anglatadi. Tarixiy jihatdan qaralganda, IX asrga qadar bolalar, odatda, otaning mulki sifatida qaralgan (masalan, Angliya, Avstriya, Belgiya, Fransiya, Germaniyada) va shu sababli ota-onalar ajralish holatida (kam uchraydigan hollarda) bolalar doimo otasiga biriktirilgan . Biroq, sanoatlashuv jarayoni ta’sirida mazkur yondashuv asta-sekin o‘zgarib borgan: erkaklar mehnat faoliyati bilan band bo‘lib, ayollar uyda qolgan holda bolalar parvarishi bilan shug‘ullangan, natijada “yosh bolalar ustuvorligi doktrinasi” shakllangan. Unga ko‘ra, kichik yoshdagi bolalarning onasi bilan yashashi maqbulroq deb hisoblangan. Faqat XXI asrga kelib, har ikki ota-onaning bola tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risidagi qarashlar kuchayib, natijada qo‘shma vasiylik instituti rivojlandi.
Hozirgi kunda vasiylik masalalarini hal etishda har bir davlatning milliy qonunchiligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yevropa Ittifoqi huquqi bu masalada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam bermaydi, chunki u ota-onalik g‘amxo‘rligi va bola vasiyligi huquqining mazmun-mohiyatini tartibga soluvchi normalarni o‘z ichiga olmaydi. Aksincha, uning huquqiy mexanizmlari asosan transchegaraviy munosabatlarga, xususan, a’zo davlatlar o‘rtasida sud qarorlarini tan olish va ijro etish masalalariga qaratilgan. Shunga qaramasdan, ota-onalik mas’uliyati sohasida Yevropa huquqiy tizimlari o‘rtasidagi farqlar oila huquqining boshqa sohalariga nisbatan ancha kam ekani kuzatiladi, bu holat bola vasiyligi masalalarida ham o‘z aksini topadi.
Bola ta’minotining asosiy maqsadi – ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlar tugaganidan keyin ham bolaning ehtiyojlari to‘liq qondirilishini ta’minlashdan iborat . Bu majburiy huquqiy mexanizm bo‘lib, u ota-onalik burchlarining bajarilishini kafolatlaydi hamda bolani boqish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni ota-onalar o‘rtasida taqsimlashni nazarda tutadi. Ko‘p hollarda ota-onalar ajrashgan yoki alohida yashay boshlagan taqdirda, ulardan biri bola bilan doimiy yashovchi (asosiy parvarishlovchi) sifatida belgilanadi. Ushbu shaxs bola bilan doimiy yashaydi, boshqa ota-ona esa bola bilan muloqot qilish yoki uni ko‘rib turish huquqiga ega bo‘ladi. Ota-onalar o‘rtasidagi munosabatlar qanday shaklda tugaganidan qat’i nazar, bola ta’minoti majburiyati saqlanib qoladi. Bu esa ajralish yoki alohida yashash bolaga bevosita ta’sir ko‘rsatmasligini, faqat u endilikda bir ota-ona bilan yashab, ikkinchisi bilan belgilangan tartibda muloqot qilib turishini anglatadi.
Rivojlangan jamiyatlarga xos bo‘lgan bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash, ota-onaning teng mas’uliyati hamda bolaning har ikki ota-ona bilan munosabatlarni saqlab qolish huquqi kabi prinsiplar Yevropa inson huquqlari standartlari va sud amaliyoti ta’sirining ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, oila huquqi milliy vakolat doirasida qolishiga qaramasdan, Yevropa davlatlari huquqiy tizimlarining umumiy tamoyillar va yagona huquqiy talqinlar ta’sirida yanada yaqinlashib borishi haqida xulosa qilish mumkin.
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga ko‘ra, “Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”.
Mazkur norma oilaviy munosabatlarda ota-onaning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) konstitutsiyaviy majburiyatini belgilaydi. Bu norma faqat axloqiy talab emas, balki davlat tomonidan kafolatlangan va majburiy hisoblangan huquqiy qoidadir.
Shu jihatdan u:
- imperativ xarakterga ega (bajarilishi shart)
- umummajburiy kuchga ega
- boshqa sohaviy qonunlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ota-ona bolaning oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi shart. Bu majburiyat bola voyaga yetgunga qadar davom etadi. Ota-ona bolaning axloqiy shakllanishi, ijtimoiy xulq-atvori, shaxs sifatida rivojlanishi uchun mas’uldir. Mazkur normaga ko‘ra ota-ona bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlashi shart. Bu davlatning ta’lim siyosati bilan uyg‘un holda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “yil boshidan 32 mingga yaqin oila ajrashib ketgani, 16 ming ota-ona aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgani, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligini” qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 96-moddasi ota-onaning voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish majburiyatini mustahkamlab, mazkur majburiyatning huquqiy tabiati va amalga oshirish mexanizmlarini aniq belgilaydi. Ushbu normaga ko‘ra, ota-ona bolaning moddiy ta’minotini ta’minlashga shartli emas, balki mutlaq majbur hisoblanadi, ya’ni bu majburiyat ota-onaning xohish-irodasiga bog‘liq emas. Mazkur qoida bola manfaatlarining ustuvorligi tamoyiliga asoslanib, uning yashashi, rivojlanishi va munosib hayot kechirishi uchun zarur moddiy shart-sharoitlarni kafolatlashga qaratilgan.
Normada aliment majburiyatlarini amalga oshirishning ikki shakli – ixtiyoriy va majburiy tartibi nazarda tutilgan. Ixtiyoriy tartibda ota-ona bolani ta’minlash burchini mustaqil ravishda bajaradi, ammo mazkur majburiyat bajarilmagan taqdirda sud hokimiyati orqali majburiy ijro mexanizmi ishga tushiriladi. Xususan, sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i asosida aliment undirish tartibi belgilanishi mazkur normaning protsessual kafolatlar bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, normada aliment munosabatlarida uchinchi shaxslar ishtirokining huquqiy asoslari ham mustahkamlangan. Agar ota-ona o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lmasa yoki ular aliment undirish yuzasidan sudga murojaat qilmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bolaning o‘zi ham aliment undirish haqida da’vo qo‘zg‘atish huquqiga ega. Bu holat bolaning mustaqil huquq sub’ekti sifatida tan olinishini va uning manfaatlarini himoya qilishda davlat organlari ishtirokini ta’minlashga qaratilganligini anglatadi.
Bundan tashqari, ota-ona va bola alohida yashagan hollarda aliment majburiyatining ikki tomonlama tarzda qo‘llanilishi mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lib, bu har ikki ota-onaning teng darajadagi mas’uliyatini belgilaydi. Ushbu norma Oila huquqi tizimida bolaning moddiy ta’minotini kafolatlash, ota-onaning huquq va majburiyatlari muvozanatini ta’minlash hamda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy institut sifatida namoyon bo‘ladi.
Milliy sivilistik adabiyotlarda bola ta’minotiga doir bir qator ilmiy yondashuvlar mavjud. O.Oqyulovning ota-onalik majburiyatini bajarmaslikka doir fikrlari alohida e’tiborga molik. Chunonchi, uning fikricha, aliment to‘lovchi rasmiy daromad manbasiga ega bo‘lmasligi mumkin. Sudlar tomonidan bunda nizolar ko‘rib chiqilishida egri dalillarni asoslantiruvchi holat sifatida qo‘llashi qiyin.
G.Inamdjonovaning fikricha, aliment-ta’minot berishning ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarini tartibga soluvchi nikoh shartnomasining maxsus bo‘limida ko‘zda tutilgan nafaqa ajratish shartini bajarishdan bosh tortgan shaxsning o‘z burchini ado etishiga qaratilgan majburiy shaklidir.
D.M.Karaxodjayeva, T.V.Kochergina, U.Shoraxmetovalarning fikricha, bolalarni ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni mulkiy huquqlari doimiy e’tiborni talab qiladi. Sh.R.Yuldashevaning ta’kidlashicha, vasiylik va homiylik institutini qo‘llash mulkiy huquqlarni himoya qilishda muhim.
D.Babajanova ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish shakllarini alohida tadqiq etar ekan, har bir holatda sud tomonidan ish materiallari to‘liq va tizimli ravishda ko‘rib chiqilishi, isbotlash va dillarni taqdim etilishi uchun sudning o‘zi ham tashabbus ko‘rsatsagina bolaning manfaatlari uchun aliment undirishga doir adolatli hal qiluv qarori qabul qilinishi mumkin.
Aliment majburiyatlari bilan bog‘liq tushunchalar aniq ifodalanmagan. Shu boisdan, fikrimizcha, aliment majburiyatlarini ta’minlashga quyidagicha mualliflik ta’rifini berish mumkin: “Aliment majburiyatlarini ta’minlash bu – oilaviy-huquqiy normalar vositasida oilaning biron-bir ijtimoiy himoyaga muhtoj a’zosiga mehnatga layoqatli va daromadga ega bo‘lgan boshqa oila a’zosidan qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra aliment shaklidagi to‘lovlarni talab qilish huquqining davlat tomonidan kafolatlangan majmuidir.
Bolalar uchun to‘lanadigan aliment miqdorini aniqlashning eng mashhur va keng qo‘llaniladigan tartibi Dyusseldorf jadvalidir (Duesseldorfertabelle). Ushbu jadvalga muvofiq texnik to‘lovlar miqdorini hisoblashning asosiy mezonlari guruhlar bo‘yicha ancha murakkab tarzda aniqlanadi. Voyaga etgan bolalarni parvarish qilish uchun minimal miqdor ham oshdi va hozirda 530 yevroni tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi normalari tahlili shuni ko‘rsatadiki, amaldagi huquqiy tartib ota-onaning voyaga yetmagan bolalarga nisbatan ta’minot berish majburiyatini aniq belgilab bergan bo‘lsa-da, uning samarali va uzluksiz ijrosini ta’minlovchi institutsional mexanizmlar yetarli darajada rivojlanmagan. Xususan, 96 va 97-moddalarda mazkur majburiyatning umumiy va tenglikka asoslangan tabiati mustahkamlangan bo‘lsa, ularni amalga oshirishda bola manfaatlarini kafolatli ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizmlar nazarda tutilmagan. Shu nuqtai nazardan, bolaning moddiy ta’minoti bo‘yicha davlat kafolati va minimal ijtimoiy standartni belgilashga qaratilgan yangi huquqiy normani joriy etish amaldagi huquqiy bazani mazmunan boyitish va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, aliment miqdorini belgilash tartibiga oid 99-modda tahlili mazkur sohada muayyan cheklovlar mavjudligini ko‘rsatadi, ya’ni alimentning qat’iy ulushlar asosida belgilanishi har doim ham bolaning real ehtiyojlari va ota-onaning moliyaviy imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaydi. Taklif etilayotgan proporsional va ehtiyojga asoslangan yondashuv mazkur normani bekor qilmasdan, balki uni takomillashtirish va sudga kengroq diskretsion vakolat berish orqali bola manfaatlarini yanada samarali himoya qilish imkonini beradi. Bu esa amaldagi huquqiy tizimda mavjud qoidalarni inkor etmasdan, balki ularni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilganligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, amaldagi tartibda aliment munosabatlari asosan reaktiv xarakterga ega bo‘lib, ya’ni huquqbuzarlik sodir etilganidan so‘ng chora ko‘riladi. Taklif etilayotgan davlat kafolatiga asoslangan jamg‘arma mexanizmini proaktiv shaklga o‘tkazish esa bolaning moddiy ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, uning huquq va manfaatlarini uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv Oila huquqi sohasida zamonaviy xalqaro tendensiyalarga mos kelib, amaldagi normalar bilan ziddiyatga kirishmasdan, balki ularning amaliy ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan huquqiy islohot sifatida baholanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksini takomillashtirish nuqtai nazaridan, voyaga yetmagan bolalarning moddiy ta’minotini kafolatlashga qaratilgan “bola ta’minotining kafolatlangan minimal standarti” institutini joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, aliment miqdori faqat belgilangan ulushlar bilan cheklanmasdan, bolaning real ehtiyojlari, uning yashash sharoiti, ijtimoiy standartlar hamda ota-onaning moliyaviy imkoniyatlarini inobatga olgan holda belgilanishi lozim. Bu esa bola manfaatlarini ustuvor qo‘yish prinsipini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Aliment miqdorini belgilashda proporsionallik tamoyilini joriy etish ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, alimentni faqat bir ota-onaning daromadiga bog‘lab qo‘yish o‘rniga, har ikki ota-onaning umumiy daromadlari va iqtisodiy holatidan kelib chiqib taqsimlash tizimini qo‘llash taklif etiladi. Bu holat ota-onaning teng mas’uliyatini ta’minlaydi hamda bolani ta’minlash yuklamasini adolatli ravishda taqsimlash imkonini beradi. Shu bilan birga, mazkur yondashuv xalqaro huquqiy amaliyotda keng qo‘llanilayotgan modellarga mos keladi.
Aliment to‘lovlarini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish maqsadida davlat tomonidan kafolatlangan aliment jamg‘armasi faoliyatini qayta ko‘rib chiqish zarur. Amaldagi tartib asosan reaktiv xususiyatga ega bo‘lib, aliment undirish kechikkanidan keyin amalga oshiriladi. Shu sababli, proaktiv mexanizmni joriy etish taklif etiladi, ya’ni aliment belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda davlat jamg‘armasi bolaga darhol mablag‘ to‘lab, keyinchalik ushbu mablag‘ni qarzdor ota-onadan undirib olish tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozim. Bu bolaning manfaatlarini uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Aliment majburiyatlarini bajarmaslik holatlari uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish ham muhim huquqiy vazifa hisoblanadi. Bunda javobgarlikni bosqichma-bosqich kuchaytirish tamoyilini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lib, dastlab moliyaviy sanksiyalar, keyin esa majburiy ijro choralari va zarur hollarda jinoiy javobgarlikni qo‘llash nazarda tutilishi mumkin. Biroq mazkur mexanizmning asosiy maqsadi jazolash emas, balki aliment to‘lovlarining o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashdan iborat bo‘lishi lozim.
Shuningdek, bolaning mustaqil huquq sub’ekti sifatidagi rolini kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Amaldagi qonunchilikda o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bolaga muayyan huquqlar berilgan bo‘lsa-da, uning manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilishi mumkin. Xususan, davlat organlari yoki prokuror tomonidan bola manfaatlarini avtomatik tarzda himoya qilish, ya’ni aliment undirish bo‘yicha mustaqil ravishda tashabbus ko‘rsatish huquqini kengaytirish orqali bolaning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Fikrimizcha, Oila kodeksiga quyidagi norma kiritish maqsadga muvofiq:
“96¹-modda. Voyaga yetmagan bolalar ta’minotining kafolatlangan minimal standarti va davlat kafolati
Voyaga yetmagan bolaning moddiy ta’minoti uning yashashi, sog‘lom rivojlanishi va ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan minimal ijtimoiy standartdan kam bo‘lishi mumkin emas. Mazkur minimal standart davlat tomonidan belgilanadi va davriy ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.
Aliment miqdori sud tomonidan belgilanganda yoki taraflar kelishuvida aniqlanganda, bolaning ehtiyojlari, ota-onaning moliyaviy ahvoli hamda ularning umumiy daromadidan kelib chiqqan holda proporsional ravishda taqsimlanadi. Har ikki ota-ona bolaning ta’minotida teng darajada ishtirok etishi shart.
Agar aliment to‘lovlari uzrsiz sabablarga ko‘ra ikki oydan ortiq muddat davomida amalga oshirilmasa, davlat tomonidan tashkil etilgan aliment jamg‘armasi bolaning ta’minoti uchun belgilangan miqdordagi mablag‘ni vaqtinchalik to‘lab beradi.
Aliment jamg‘armasi tomonidan to‘langan mablag‘lar qarzdor ota-onadan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi. Bunda penya va boshqa moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Voyaga yetmagan bolaning manfaatlarini himoya qilish maqsadida, vasiylik va homiylik organlari, prokuror yoki o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola aliment undirish to‘g‘risida mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Aliment majburiyatlarini bajarmaslik holatlari uchun javobgarlik choralari bosqichma-bosqich qo‘llaniladi va ularning asosiy maqsadi bolaning uzluksiz moddiy ta’minotini ta’minlashdan iborat”.
Mazkur takliflar Oila huquqi sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan bo‘lib, ular bola manfaatlarini ustuvor ta’minlash, ota-onaning teng mas’uliyatini mustahkamlash hamda davlatning kafolatlovchi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, oilaviy-huquqiy munosabatlarning samarali tartibga solinishini ta’minlashga va ijtimoiy adolatni qaror toptirishga zamin yaratadi.
Topildiyev Baxromjon Raximjonovich
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Fuqarolik huquqi sho‘’basi” professori, yuridik fanlar doktori.