Murojaatlar bilan ishlash e’tiborda
Kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimidagi idoralarda qaysi fasl yoki sanada bo‘lishidan qat’iy nazar, iste’molchilardan ta’minot uzviyligi va sifat-samaradorligi yuzasidan tizimli ravishda murojaatlar bo‘lishi turgan gap.
Namangan shahri tarkibidagi Yangi Namanganda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ijro intizomini mustahkamlash, ish yuritish hamda idoraviy arxiv ishini tashkil etish yuzasidan bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimidagi holat atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining "Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlarining nazorat va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Dastavval, ishtirokchilar "Yangi Namangan tumangaz" gaz ta’minoti bo‘limida yaratilgan mehnat sharoitlari va xodimlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng, o‘quv mashg‘ulotida filialning bir qator mutaxassislari tomonidan ijro intizomi, murojaatlar bilan ishlash va elektron tizimlardan samarali foydalanish mavzularida ma’ruzalar qilindi.

Mazkur seminar sohaga oid hujjatlar ijrosini sifatli tashkil etish, mas’uliyatni oshirish hamda xodimlarning malakasini mustahkamlashda muhim tadbir bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA