Belaruslik shifokorlardan mahorat darslari
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida Belarus Respublikasidan tashrif buyurgan tajribali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
Bir hafta davom etadigan ushbu amaliy seminar doirasida neonatologiya va anesteziologiya sohasidagi eng so‘nggi yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalar hamda davolash usullari bo‘yicha o‘zaro tajribalar almashiladi.

Belarus ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumi asosida tashkil etilgan tadbirda viloyat ona va bola salomatligi shifoxonasi mutaxassislari bilan bir qatorda shahar, tumanlardagi tug‘ruq komplekslari shifokorlari ham ishtirok etmoqda. Bu esa seminarning qamrovini kengaytirib, hududlarda ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mahorat darslarini olib borayotgan o‘zbekistonlik hamkasblari bilan o‘n yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijlik tibbiyot olimlari yurtimizdagi tug‘ruq shifoxonalarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, tibbiyot muassasalarining texnik jihozlanishi va mutaxassislar salohiyati yuqori bahoga loyiq ekanligini e’tirof etdi. Bunday amaliy uchrashuvlar ikki davlat tibbiyoti o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro bilim almashinuvi uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Seminarda xorijlik mutaxassislar nafaqat nazariy mashg‘ulotlar o‘tash, balki filialda amalga oshirilayotgan jarrohlik amaliyotlari va murakkab davolash jarayonlarida ham bevosita ishtirok etmoqda. Bu esa mahalliy shifokorlarga yangi yondashuvlarni amaliyotda ko‘rish va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalarini boyitish imkonini beradi.
– Xalqaro hamkorlik doirasidagi amaliy anjumanlar mutaxassislar malakasini oshirish, og‘ir klinik holatlarda zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish hamda ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida yuqori natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori Rayxona Daminova. – Tibbiyot sohasida xalqaro tajribani o‘rganish va uni amaliyotga tatbiq etish, ayniqsa, neonatologiya va reanimatologiya kabi mas’uliyatli yo‘nalishlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada oshirishga turtki beradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA