Oromgohlarda bolalar xavfsizligi qanday ta’minlanmoqda?
O‘quv yili tugashi munosabati bilan bolalarning yozgi oromgohlarda dam olishini tashkil etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Ayniqsa, ularning xavfsizligini ta’minlash alohida e’tiborda.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentidan ma’lum qilishlaricha, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish, ularning yozda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha IIVning tegishli farmoyishi qabul qilindi.
— Shunga asosan oromgohlarda xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatida Respublika ishchi guruhi tuzilib, hududlar kesimida mas’ul xodimlar biriktirildi, — dedi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova. – Joriy yilda respublika bo‘yicha 181 statsionar oromgohda 160 mingga yaqin bolalarning dam olishi rejalashtirilgan. Oromgohlarning 13 tasi Toshkent shahri, 27 tasi Xorazm, 19 tasi Toshkent, 14 tasi Samarqand, 17 tasi Qashqadaryo, 12 tasi Farg‘ona, 12 tasi Andijon, 11 tasi Qoraqalpog‘iston, 10 ta Navoiy, 9 tasi Jizzax, 11 ta Buxoro, 9 tasi Surxondaryo, 9 tasi Namangan, 2 tasi Sirdaryo viloyatlarida, 5 tasi “Temiryo‘lchilar” aksiyadorlik jamiyatlari ob’ektlarida joylashgan.

Ularning ish tartibi 3 smenadan 8 smenagacha tashkil etilgan. Oromgohlarda jamoat tartibini saqlash uchun 387 nafar xodim biriktirilgan.
Bolalarni oromgohlarga xavfsiz olib borish va qaytarish ishlarini ta’minlashda esa 650 nafardan ziyod yo‘l-patrul xizmati xodimlari biriktirildi.

Oromgohlarga olib boruvchi 3411,6 km avtomobil yo‘llari ko‘rikdan o‘tkazilib, 1 ming 297 dona yo‘l belgisi o‘rnatildi, 244 km yo‘l qismi va 368 piyodalar o‘tish joyiga yo‘l chiziqlari chizildi, 134 km yo‘l ta’mirlandi. Shuningdek, oromgohlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan 297 marotaba huquqiy targ‘ibot o‘tkazildi.
Oromgohlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan asosiy e’tibor dam olayotgan bolalarning xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, o‘smirlar orasida sovuq qurol olib yurish, spirtli ichimlik yoki giyohvandlik moddalarni iste’mol qilish, bolalar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA