Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga zamin yaratmoqda
Jizzaxda o‘tkazilgan navbatdagi “Ochiq muloqot – 2026” tadbiri tadbirkorlar uchun dolzarb masalalarni muhokama qilish, ularning muammolariga amaliy yechim topish va biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etishga xizmat qildi. Davlat va tadbirkor o‘rtasidagi muloqotning yangi mexanizmi sifatida shakllanayotgan mazkur tizim ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariyati vakillari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda viloyat hokimligi mas’ullari ishtirok etishdi. Bu esa tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni har tomonlama ko‘rib chiqish va ularga joyida munosabat bildirish imkonini berdi.

Ochiq muloqotda viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq tadbirkor qatnashdi. Tadbir davomida 80 nafardan ziyod murojaatchining 110 dan ortiq masalasi muhokama qilinib, ularning aksariyati yuzasidan aniq choralar belgilab olindi.
Murojaatlar asosan yer ajratish, mulkiy munosabatlar, kredit va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini yengillashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash kabi dolzarb yo‘nalishlarga taalluqli bo‘ldi. Shuningdek, biznesni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga doir qator takliflar ham bildirildi.

E’tiborli jihati shundaki, tadbir davomida ko‘plab muammolar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslar biriktirilib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlar bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish amaliyoti davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatga muvofiq, tadbirkorlar murojaatlarini tizimli qabul qilish, ularni tahlil etish va joylarda tezkor hal qilish mexanizmlari joriy etilgan. Shuningdek, respublika komissiyasi hamda hududiy ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, biznes vakillarining muammolarini bartaraf etishning ta’sirchan tizimi shakllantirilgan.

Jizzax viloyatida o‘tkazilgan mazkur ochiq muloqot ham ana shu qaror ijrosining amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etdi. Zero, tadbirkorning muammosini eshitish va hal etish orqali nafaqat bir korxona faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi, balki yangi sarmoyalar jalb qilinishi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi va hudud iqtisodiy salohiyatining yuksalishiga ham xizmat qiladi.

Bugungi kunda davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasidagi muloqotning ochiq, shaffof va samarali shakllari tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash hamda iqtisodiy islohotlarning izchil davom etishida muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri