Korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvlar uyg‘unligi
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, zamonaviy tadqiqot metodologiyalarini joriy etish va yosh olimlarning xalqaro akademik maydondagi faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turkum o‘quv hamda ilmiy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlar Latviyadagi Turiba universiteti Huquq fakulteti professori, yuridik fanlar doktori, xalqaro ekspert Raymundas Kalesnikas ishtirokida o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, professor Raymundas Kalesnikas korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvida halollik standartlarini joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish hamda xalqaro ilmiy tadqiqotlar sohasida katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.

Mazkur tashrif Akademiya hamda Shvetsiyaning Lund universiteti Huquq sotsiologiyasi departamenti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda huquqiy va boshqaruv sohasidagi islohotlarning siyosiy iqtisodiyoti” qo‘shma tadqiqot loyihasi bilan uzviy bog‘liq. Loyiha doirasida Raymundas Kalesnikas Akademiyada “Mikrotartiblar va makroreallik: Markaziy Osiyo kontekstida korrupsiya, qonun ustuvorligi va samarali boshqaruvni qayta ko‘rib chiqish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

Akademiya professor-o‘qituvchilari, mustaqil izlanuvchilar, doktorantlar va magistrantlar uchun tashkil etilgan trening, vorkshop va amaliy seminarlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar va ularni baholash mexanizmlari, amaliy tadqiqotlarni tashkil etish metodologiyasi, institutsional halollik va etikaga asoslangan profilaktika tizimlari, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, mol-mulkni deklaratsiya qilish amaliyoti hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali institutsional mexanizmlar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar zamonaviy tadqiqot usullarini qo‘llash, ilmiy natijalarni xalqaro akademik jurnallarda e’lon qilish, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalarga ega bo‘ldi
N.Abduraimova,
O‘zA