Oromgohlar mavsumga hozirlanmoqda
Samarqand viloyatida bu yil yozgi mavsumda 14 ta doimiy oromgohda 8700 nafardan ortiq bolalarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarni sog‘lomlashtirish departamenti va boshqa idoralarga tegishli, shuningdek, xususiy bu oromgohlarda bolalar iyun-avgust oylari davomida besh davrada dam olishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda oromgohlarni mavsumga tayyorlash jarayonida muassasalarda bolalar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish, xavfsizlikni ta’minlash, zarur mebel va boshqa vositalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.
– Oromgohlarda bolalarni qabul qilishdan oldin qator sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarni bajarish kerak bo‘ladi, – deydi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Bu haqda barcha oromgohlar mutasaddilariga ko‘rsatmalar berilgan. Shu asosida ayni kunlarda oromgohlarda hududni obodonlashtirish, binolarni ta’mirlash va tozalash, ichimlik suvi hamda oqova suv tizimlarini dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Yotoqxona, oshxona va tibbiyot xonalari sanitariya talablariga mos ravishda jihozlanmoqda.

Oshxonalarga qo‘shimcha muzlatkichlar, marmitlar va zarur texnologik jihozlar o‘rnatilmoqda. Oqartirish va dezinfeksiya vositalari zaxirasi shakllantirilib, xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda sanitariya minimum o‘quvlarini tashkil etish ishlari nazoratga olingan. Cho‘milish basseynlarini ta’mirlash va dezinfeksiya qilish, tibbiyot punktlarini dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, hududlarning tungi yoritish tizimlarini yaxshilash ishlari ham nazoratga olingan. Har bir oromgohda pirometr, antiseptik vositalar va zarur tibbiy jihozlar bo‘lishi shart etib belgilangan.
Mutasaddilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati ham qat’iy nazorat qilinmoqda. Oromgohlarga faqat sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga ega mahsulotlarni qabul qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilmoqda. Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan barcha oromgohlar bosqichma-bosqich o‘rganilib, sanitariya-gigiyena talablari to‘liq bajarilgandan keyingina faoliyat boshlash uchun ruxsatnoma beriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri