Tibbiyot: yangi marralar, strategik sheriklik va global integratsiya sari
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini tubdan modernizatsiya qilish, ilm-fan hamda ishlab chiqarish uyg‘unligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan strategik islohotlar bugun jahon hamjamiyati, jumladan, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi kompaniyalar va dunyoga mashhur olimlarning keng qiziqishini uyg‘otmoqda. O‘tgan hafta davomida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan qator yuqori darajadagi uchrashuvlar aynan shu global maqsadlarga xizmat qilib, O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yetakchi tibbiyot va farmatsevtika xabiga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Nobel mukofoti laureati bilan ilmiy hamkorlik poydevori
Dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Jons Xopkins universiteti professori, 2019-yilgi Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati doktor Gregg L.Semenza bilan o‘tkazilgan onlayn uchrashuv sohadagi muhim voqeliklardan biri bo‘ldi. Hujayralarning kislorod darajasini sezish mexanizmlarini kashf etgan buyuk olim bilan muloqotda mamlakatimizda biofarmatsevtika sohasini rivojlantirish va zamonaviy ilmiy maktablarni shakllantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov "BioPharma City" farmatsevtika klasteri negizida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida ma’lumot berib o‘tdi. Bunday Nobel mukofoti laureaatlari bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi respublikamizning ilmiy-farmatsevtika sohasidagi xalqaro nufuzini yuksaltirish hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Global farmatsevtika flagmanlari bilan investitsiyaviy aloqalar
Ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish va investitsiyalarni jalb etish borasida jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri — Buyuk Britaniyaning "Hikma Pharmaceuticals" kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur muloqot chog‘ida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va imtiyozlar, shu jumladan "BioPharma City" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining infratuzilmasi batafsil tanishtirildi. Ushbu uchrashuvda belgilangan vazifalar va taqdimotlar xalqaro kompaniyalar bilan texnologiyalar transferi, investitsiyalar va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun keng zamin yaratadi.
Koreya Respublikasi bilan strategik sheriklik yangi bosqichda
Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuv hamkorlikning yangi va amaliy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Muzokaralar davomida tibbiyot xodimlari, olimlar va talabalar uchun malaka oshirish hamda stajirovka dasturlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, shifoxonalar boshqaruviga Koreya tajribasini joriy etish, biotexnologiya sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, Genomika markazi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda Health Technology Assessment (HTA) yo‘nalishida sheriklikni mustahkamlash borasidagi kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi strategik hamkorlikni izchil davom ettirishga xizmat qiladi.
Istiqbolli tashabbuslar
Agentlikda Qatar davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan o‘tkazilgan uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarning yanada chuqurlashganidan dalolat beradi. Uchrashuvda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, xalqaro GMP va GPP standartlarini joriy etish borasidagi ishlar e’tirof etildi.
Muzokaralar chog‘ida genomika, biobanklar, regenerativ tibbiyot, sun’iy intellekt texnologiyalari va klinik tadqiqotlar kabi zamonaviy yo‘nalishlarda loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Bu kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri institutsional aloqalar O‘zbekistonni mintaqaviy tibbiyot va farmatsevtika xabiga aylantirish yo‘lidagi ustuvor vazifalarni bajarishga puxta poydevor yaratadi.
Erishilgan so‘ngi kelishuvlar va amalga oshirilgan muhim uchrashuvlar O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasini jahon standartlari asosida rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish hamda xalqaro miqyosdagi integratsiyani yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA