Fan olimpiadasi g‘oliblari uchun yana bir rag‘bat
Bugungi kunda yoshlarni ilm-fan va sportga keng jalb qilish, ularning iqtidorini munosib rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
So‘nggi yillarda g‘oliblarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Endi esa bu tizim yana bir muhim rag‘batlantirish usuli bilan boyitildi.
Hukumatning 2026-yil 24-iyulda qabul qilingan tegishli qarori bilan ta’lim va sport sohasida yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchi-yoshlarni rag‘batlantirishning yangi mexanizmi joriy etildi. Endi respublika va viloyat bosqichidagi fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblari pul mukofoti yoki diplom bilan cheklanib qolmay, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmalari bilan ham taqdirlanadi.
Mazkur qarorning amaliyotga tatbiq etilishi yoshlarning intellektual va sportdagi yutuqlarini mamlakat tarixi, madaniyati va turizm salohiyati bilan bog‘laydi. Rag‘batlantirish nafaqat mukofot sifatida, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega loyihaga aylanmoqda.
Nizomga muvofiq, respublika bosqichi g‘oliblari O‘zbekistonning turli turistik ob’ektlariga 3 kunlik, viloyat bosqichi g‘oliblari esa boshqa hududlarga 2 kunlik sayohat qiladi. Bu orqali yoshlar yurtimizning boy tarixiy merosi, tabiiy go‘shalari va madaniy qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Qarorda sayohatning barcha tashkiliy masalalari ham qamrab olingan. Transport, mehmonxona, ovqatlanish, ekskursiya, gid xizmati, muzey va tarixiy obidalarga kirish chiptalari hamda sayohat sug‘urtasi davlat tomonidan qoplanishi ishtirokchilar uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Bu esa barcha g‘oliblarga teng imkoniyat taqdim etilishini ta’minlaydi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday rag‘batlantirish tizimi yoshlarni olimpiada va musobaqalarda faol ishtirok etishga undaydi, raqobat muhitini kuchaytiradi hamda ta’lim va sportga qiziqishni oshiradi. Shu bilan birga, ichki turizm rivojiga ham qo‘shimcha turtki berishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA