Omonxona sayyoramizning eng yaxshi turizm qishloqlaridan biri sifatida tan olindi
Surxondaryo viloyatining tog‘li Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘i BMT Turizm tashkilotining “Eng yaxshi turizm qishloqlari” (Best tourism villages) loyihasi g‘oliblari safidan joy oldi.
Bu haqda xabar bergan Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, global loyiha turizm qishloqlariga e’tiborni kuchaytirish, kichik qishloqlarning o‘zgacha madaniyati, urf-odati va tabiat go‘zalliklarini saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladi. Dunyo miqyosida bu yil beshinchi marta o‘tkazilgan tanlovga Afrika, Amerika, Osiyo va Yevropa mintaqalaridagi 65 ta mamlakatdan 270 dan ortiq nomzod qabul qilingan.

Turizm qo‘mitasi mazkur tanlov uchun taqdim etgan so‘lim Omonxona qishlog‘i nomzodi tanlov g‘oliblaridan, deb topilib, loyihaning “Rivojlantirish dasturi” (Upgrade Programme)ga kiritilgan. Bu xalqaro miqyosda O‘zbekiston turizm sohasining navbatdagi yutug‘i sifatida e’tirof etilishini anglatadi.
Tog‘li Boysun tumanining maftunkor go‘shasidagi Omonxona qishlog‘i o‘zining tabiiy manzaralari, shifobaxsh buloqlari, tarixiy yodgorliklari, nomoddiy madaniy merosi hamda mehmondo‘st aholisi bilan mashhur. So‘nggi yillarda hududda turizm infratuzilmasi bosqichma-bosqich rivojlantirilib, sayyohlarga yanada qulay sharoit yaratilmoqda. Shu maqsadda qishloq hududida turistik markaz barpo etilayotir. “Omonxona” sanatoriyasi kengaytirilib, 200 o‘rinli yotoqxona, 300 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona, suv inshooti va boshqa ob’ektlar qurilishi boshlanmoqda.
O‘tgan yil tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim qishloqqa O‘zbekistonning turizm qishlog‘i maqomi ham berilgan.
Go‘zal tabiat manzaralari va shifobaxsh suvi bilan jahonga tanilgan Omonxona qishlog‘ining ushbu dasturga kiritilishi – bu nafaqat xalqaro e’tirof, balki O‘zbekistonning qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish va yangi turizm markazlarini shakllantirish yo‘lida olib borilayotgan izchil siyosatning amaldagi samarasidir.

Turizm qo‘mitasining qayd etishicha, BMT Turizmning “Rivojlantirish dasturi”iga dunyoning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan nufuzli qishloqlari tanlov asosida kiritiladi. Dastur mutaxassislar ko‘magi, o‘quv dasturlar va texnik maslahatlar bilan qo‘llab-quvvatlash natijasida qishloq salohiyatini yanada ko‘tarish va sayyohlar e’tiboriga havola etishni maqsad qiladi. Dastur doirasida BMT Turizm ekspertlari tomonidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘l-xarita ishlab chiqish, xalqaro ekspertlar bilan treninglar va konsultatsiyalar o‘tkazish, mahalliy boshqaruv, xizmat sifati va marketing tizimlarini xalqaro tajriba asosida yaxshilash, qishloqni “Eng yaxshi turizm qishloqlari tarmog‘i” (Best Tourism Villages Network)ga qo‘shish orqali boshqa davlatlar bilan hamkorlik va tajriba almashinuv imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.
BMT Turizmning “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” tanlovi maqomi ekologik va agroturizm sohasida nufuzli ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, shu jumladan, madaniy va tabiat qadriyatlarini, organik oziq-ovqat mahsulotlari hamda hayot tarzini saqlab qolgan qishloqlarga beriladi va dunyo bo‘ylab eng yaxshi turizm qishlog‘i, deb tan olinadi.
Mazkur e’tirofga 2023 yil Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘i ham sazovor bo‘lgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri