Yangi loyihalar – turizm taraqqiyotiga xizmat qiladi
Toshkent viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida xalqaro tajribani o‘rganish va xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Rejeb Geduk boshchiligidagi turkiyalik investorlar bilan uchrashuvda sohadagi muhim masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida viloyatning turizm salohiyatini yanada oshirish, mehmonxonalar va boshqa turistik ob’ektlar uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda mehmondo‘stlik xizmatlari sifatini yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi.

Xususan, Bo‘stonliq turizm va madaniy meros texnikumi huzurida xalqaro turizm kasbiy tayyorgarlik markazini tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, hududdagi Xalqaro mehmonxona va turizm maktabini rekonstruksiya qilish, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish va soha xodimlarining kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Loyiha doirasida mehmonlarni kutib olish va bronlash, xizmat ko‘rsatish, oshpazlik hamda restoran xizmati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Bunda nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, o‘quvchilarning mehmonxonalar, restoranlar va dam olish majmualarida amaliy tajriba orttirishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Uchrashuvda kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, xorijiy tillarni o‘rgatish hamda belgilangan talablar asosida ayrim yo‘nalishlardagi mutaxassislarni Turkiya davlatida malaka oshirishga yuborish masalalari ham muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, Bo‘stonliq tumanida 2026–2028-yillarda 128 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va 8 ming 30 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi turizm va mehmondo‘stlik sohasida malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni yanada oshiradi.

Taklif etilayotgan xalqaro kasbiy tayyorgarlik markazi hududda kadrlar taqchilligini kamaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va turizm sohasida zamonaviy kasbiy ta’lim tizimini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tomonlar mazkur sa’y-harakatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdi.
A.Musayev,O‘zA