Bog‘inavda zamonaviy ko‘cha barpo etilmoqda
Denov tumani markazidagi Bog‘inav mahallasining Mustaqillik ko‘chasi va “Said Otaliq” madrasasigacha bo‘lgan yo‘lda kecha-kunduz zamonaviy xizmat ko‘rsatadigan yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Buning uchun 9,8 milliard so‘m byudjet mablag‘i yo‘naltirilib, zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Elektr ta’minoti yaxshilanib, tevarak-atrof obodonlashtirilmoqda.

Yangi loyiha doirasida ikkita transformator punkti barpo etilib, ikki kilometr elektr tarmog‘i tortiladi. Yarim kilometr yo‘lga asfalt yotqizilib, bir kilometr masofaga lotok yotqiziladi. Ikki chaqirim masofada salomatlik yo‘lagi qurilib, sug‘orish tizimi tashkil etiladi va o‘ttizta yangi o‘rindiq, bir kilometr yoritish tizimi o‘rnatiladi.

Tamomila yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatadigan ko‘cha kechayu kunduz mahalliy aholi va uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarga turli xizmatlar ko‘rsatadigan markazga aylanadi. Yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, qulay muhit yaratiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, loyiha to‘liq ishga tushgach, 150 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 25 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad shakllanadi. Byudjetga 5,3 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushadi.

Denov - Surxondaryo viloyatidagi eng yirik tuman bo‘lib, 440 mingdan ortiq aholi bor. Hududning boy tarixi, me’moriy va arxeologik yodgorliklari xorijlik qadimshunoslar va sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri