Oilaviy zo‘ravonlik insonning hayoti va erkinligiga daxl qiladi
Har bir yosh oila qurib, yangi hayotga qadam qo‘yar ekan, avvalo, turmushi shirin va baxtli bo‘lishini istaydi. Biroq quruq istakning o‘zi yetarli emas. Chunki oila deb atalmish bo‘stonda hayot bir tekis ketmaydi. Bu esa er va xotindan sabr-qanoatli bo‘lishni, ahillikni talab etadi. Yo‘qsa, arzimagan gap-so‘zlar, kelishmovchiliklar munosabatlarni yemirishi, hayotni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yishi mumkin.
Biroq keyingi yillarda er-xotin o‘rtasida sodir bo‘layotgan janjallar barchamizda xavotir va tashvish uyg‘otadi. Ommaviy axborot vositalarida dilni xira qiladigan ana shunday hodisalar yuz berayotgani haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qimoqdamiz. Ayollarni tahqirlash bilan bog‘liq zo‘ravonliklar kishini chuqur o‘yga toldiradi. Bunday shafqatsizliklar sodir bo‘layotgani sabablaridan biri, deb pandemiya davrida karantin cheklovlari tufayli uydan chiqishning imkoni chegaralangani oqibatida yuz berdi, deyish mumkin. Yana bir sabab qo‘ni-qo‘shnilarning, tegishli idoralarning karantin paytida oilaviy muammolarga aralashuvining keskin pasaygani noxush voqealarni keltirib chiqardi.
Qolaversa, mentalitetimizga xos bo‘lgan an’analarga ko‘ra, uydagi janjalni ko‘chaga chiqarishni xohlamaymiz. Ana shu narsa ham ayollarga bo‘lgan zo‘ravonlikni ham kuchaytirdi. Afsuski, andishaga borilgani oqibatida haqorat va zulm avj oldi. Natijada ayollarimiz qiyin vaziyatga tushib qolib, hayoti va sog‘ligi xavf ostida qoldi.
Jabrdiydalar muammolarini yaqin qarindoshlariga aytganlarida “Ha, endi oilada bo‘ladi-da” deyishlari ham ayollarning muntazam xo‘rlanishiga olib kelmoqda. Oilaviy zo‘ravonlikka bir oilaning muammosi yoki tashvishi deb qarash mutlaqo noto‘g‘ri.
Qayd etish kerakki, mamlakatimizda ushbu muammoga qarshi kurashib kelinmoqda. Jabrdiydalarni himoya qilishning huquqiy asoslari yaratilgan. Bizda odatda eridan jabr ko‘rgan ayol tegishli joyga arz qilmaydi. Bu holat aksariyat zo‘ravonlarning jazosiz qolishiga olib kelmoqda. Jabrlanuvchilar aybdor bilan bir uyda yashashini hisobga olsak masalaning naqadar og‘irligini anglash qiyin emas.
Tahlillar huquqbuzarliklarni asosan erkaklar sodir etayotganini ko‘rsatayotir. Ushbu illatga qarshi kurashishda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari o‘z faoliyatlarini samarali tashkil etishlarini hayot taqozo etmoqda. Ular mahallalarda va ish joylarida oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha profilaktik suhbatlar olib borishlari maqsadga muvofiq. Ish shunday tashkil qilinsa, ko‘pgina huquqbuzarliklarning oldi olinardi.
Aytish kerakki, oilaning tinchligi, ahilligi, baxti birinchi galda ota-onaga bog‘liq. Shunday ekan, erkak o‘z oilasida tartib-intizom, axloq, o‘zaro iliq muomalada o‘rnak bo‘lsa jamiyat rivoj topadi. Har qanday vaziyatda ham sabr-qanoatli bo‘lish kerak. Hayot sinovlari hech qachon oiladagi vaziyatni chigallashtirmasligi, aksincha bir-birini qo‘llab-quvvatlash saodatga yetaklashini unutmaylik. Oilamiz – muqaddas qo‘rg‘onda hamisha shodu xurramlik bo‘lsin.
Baxtigul Matmuratova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Bog‘ot tumanlararo sudining sudyasi