Nodirbek Yoqubboyev Abu-Dabida g‘oliblikni tantana qildi
Abu-Dabida poyoniga yetgan “Abu Dhabi Chess Festival 2024” turnirining “Masters” guruhida hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev 7 ochko bilan g‘oliblikka erishdi. Shamsiddin Vohidov esa 3-o‘rinni egalladi.
Kecha o‘tkazilgan 9-turda Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda hindistonlik Lukka Mendonsa bilan, Shamsiddin Vohidov esa oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etgan David Paravyan bilan durangga erishdi. Aynan Paravyan 2-o‘rindan joy oldi.

Nufuzli musobaqa yakuniga ko‘ra, turnirda qatnashgan 217 nafar shaxmatchining 6 nafari 7 ochko qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 9 nafari 6,5 ochko, 15 nafari 6, 25 nafari 5,5, 33 nafari 5, 38 nafari 4,5, 20 nafari 4, 30 nafardan ziyodi 3,5 ochko jamg‘ardi.

Mukofot jamg‘armasi 63 ming 600 AQSH dollaridan iborat mazkur turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Javohir Sindorov va Ortiq Ne’matov 6,5 ochko bilan kuchli 15 talikni band etdi.
Turnir yakunida “Masters” guruhida g‘oliblikka erishgan Nodirbek Yoqubboyev 30 ming AQSH dollari, 3-o‘rinni band etgan Shamsiddin Vohidov 8 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA