Navoiy xalqaro aeroportida TIR park faoliyati yo‘lga qo‘yildi
“Navoiy xalqaro aeroporti” MCHJ hududida xalqaro avtotransport vositalari uchun zamonaviy to‘xtash joyi va servis infratuzilmasi – TIR parkning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Navoiy xalqaro aeroporti” MCHJ xodimlari, viloyat va Karmana tumani hokimligi mutasaddilari hamda OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Mazkur loyiha Prezidentimizning 2026-yil 9-fevraldagi “Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.

“Navoiy xalqaro aeroporti” MCHJ tashabbusi bilan amalga oshirilgan loyiha doirasida yuk tashuvchilar uchun sharoitlar yaratilib, logistika infratuzilmasi rivojlantirilmoqda. TIR park O‘zbekiston hududi bo‘ylab bojxona kuzatuvi ostida harakatlanayotgan yuk avtomobillari uchun kechasi xavfsiz va qulay to‘xtab, dam olish maskani sifatida ham xizmat qiladi.

– TIR park hududi bir vaqtning o‘zida 50 ta yuk avtomobilini qabul qila oladi va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan, – deydi MCHJ pochta-yuk kompleksi rahbari Sarvinoz Ulug‘ova. – Bu yerda haydovchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida aeroport hududidagi mehmonxona qayta ta’mirlanib, arzon va qulay tariflar joriy etildi. Shuningdek, 24 soat faoliyat yuritadigan oshxona tashkil qilinib, haydovchilarning uzluksiz ovqatlanishi uchun sharoit yaratildi. Hudud to‘liq 24 soatlik video kuzatuv tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, xavfsizlik choralari yuqori darajada ta’minlangan. Bundan tashqari, bojxona xodimlari uchun alohida dam olish xonalari tashkil etilgan.
Mazkur loyiha hududda logistika tizimini takomillashtirish, yuk tashuvchilar uchun qulay sharoit yaratish hamda transport infratuzilmasini rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri