Natija ko‘rsatganlar e’tirof etildi
Sirdaryo viloyatida mahalla yoshlar yetakchilarining faoliyatini sarhisob qilish, samarali ish tajribalarini ommalashtirish va yoshlar bilan ishlashda natijadorlikni yanada oshirish maqsadida “Yoshlar yetakchilari forumi” o‘tkazildi.
Forumda yoshlar yetakchilarining bugungi kundagi mas’uliyati, mahallalarda yoshlar bilan manzilli ishlash, amaliy natijalarga erishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbi rning ochilish qismida Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparati mas’ul xodimi Nuriddin Shodiyev hamda Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramovlar so‘zga chiqishib, yoshlar yetakchilari faoliyatida tashabbuskorlik va mas’uliyat muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdi.

Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda samara ko‘rsatgan yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish forumning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.

Jumladan, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan mahalla yoshlar yetakchilari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan “Sirdaryolik kitobxon yoshlar yetakchisi” tanlovi g‘olibi — Xovos tumani “Istiqlol” mahallasi yoshlar yetakchisi Qurbonboy Mirsidiqovga tanlovning maxsus ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, TOP-100 reytingidan joy olgan mahalla yoshlar yetakchilari hamda ularning ota-onalari taqdirlanishdi.

Marosimda yoshlar yetakchilarining erishayotgan yutuqlarida oila muhiti, ota-onalarning ishonchi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Farzandlarini Vatanga sadoqatli, tashabbuskor va mas’uliyatli insonlar etib tarbiyalayotgan ota-onalarga Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev nomidan minnatdorlik xatlari taqdim qilindi.

Forum doirasida mahallalarda yoshlar bilan ishlash holati tanqidiy-tahliliy nuqtai nazardan ham ko‘rib chiqildi. Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlar yetakchilarining faoliyati, hududlardagi mavjud muammolar, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.

Tahlillar ayrim hududlarda yoshlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatdi. Bunday holatlarni bartaraf etish, tashabbuskorlik va natijadorlikni oshirish, yoshlarning muammo va ehtiyojlarini chuqur o‘rganish zarurligi qayd etildi.

Eng muhimi, “Yoshlar yetakchisi” faoliyatining asosiy mezoni — mahalladagi yoshlar hayotida sezilayotgan amaliy natijadir. Shu nuqtai nazardan, yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlar bilan ishlashda shaxsiy tashabbus va mas’uliyatni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ogohlantirishlar berildi.

Forum yakunida samarali faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarining ish tajribasini ommalashtirish, natijadorlikni yanada oshirish hamda mahallalarda yoshlar bilan ishlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri