Namanganda ichimlik va oqava suv tizimi yangilanadi
Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu borada Namangan viloyatida istiqbolli loyihalar asosida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, “Namangan viloyatining ichimlik va oqava suv tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi ana shular jumlasidan. Namangan shahrining asosiy ichimlik suvi manbai hisoblangan “Kurashxona” suv tozalash va uzatish inshootida bo‘lib o‘tgan taqdimotda “Namangan suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati direktori Muxtorjon Hojiyev xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi holati, bajarilgan ishlar va navbatdagi vazifalar haqida axborot berdi.

Qayd etilganidek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 16,9 million AQSH dollariga teng “Kurashxona” suv inshootini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida to‘qqizta zamonaviy nasos agregati, sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega suvni tindirish va filtrlash inshooti, reagent xo‘jaligi, dispetcherlik va markaziy laboratoriya binosi barpo etilmoqda.

Shuningdek, ikkita besh ming kub metrlik hamda bitta 10 ming kub metrlik toza suv rezervuari rekonstruksiya qilinmoqda. Bu loyiha yakuniga yetgach, “Kurashxona” suv inshootining suv tozalash quvvati sutkasiga 38 ming kub metrdan 100 ming kub metrgacha yetadi. Natijada, suvning loyqaligi 2500 mg/litr bo‘lgan holatlarda ham uni sifatli tozalash imkoniyati yaratiladi hamda 600 ming aholi uzluksiz va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Ta’kidlash joiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi umumiy qiymati 74,6 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha doirasida Namangan viloyatidagi bir yuz oltita mahalladagi 650 ming aholining ichimlik suvi, Pop tumanidagi o‘nta mahallada istiqomat qiluvchi 35 ming kishining oqava suvga bo‘lgan ehtiyoji yaxshilanadi.

Namangan oqova suvlarni tozalash bosh inshootini davlat-xususiy sheriklik asosida rekonstruksiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihasining taqdimotida, kelgusidagi ishlar, kutilayotgan natijalar hamda uning hudud ekologiyasi va aholining turmush sifatini yaxshilashdagi ahamiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

96 million dollarni tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega zamonaviy oqova suvlarni tozalash inshooti, bitta oqova suv nasos stansiyasi hamda 7,5 kilometr tashlama oqova suv tarmog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlari, shuningdek, To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan, Uychi, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari aholisi uchun oqova suv xizmatlari sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.
Taqdimotda loyiha doirasida oqova suvlarni biologik tozalash bo‘yicha dunyodagi ilg‘or “Nereda” texnologiyasi joriy etilishi aytib o‘tildi. Ushbu texnologiya atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, ekologik va sanitariya-epidemiologik vaziyatni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Taqdimotlar yakunida Namangan viloyati hokimi qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash, xalqaro standartlarni to‘liq ta’minlash hamda aholini sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri