Aniq vazifalar va amaliy choralar belgilab olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2026-yil avgust oyida o‘tkazilishi belgilangan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda. Ana shu jarayon doirasida 7-iyul kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ishbilarmonlarni qiynayotgan masalalar, ularning taklif va tashabbuslari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda «O‘zmilliybank» AJ Jizzax viloyati Bosh boshqarmasi, tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etishdi. Ochiq va amaliy ruhda kechgan muloqot davomida tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, mavjud muammolarni tezkor hal etish yuzasidan aniq vazifalar va amaliy choralar belgilab olindi.
Tadbirda tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, imtiyozli kreditlar ajratish tartibi, zamonaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari hamda amaldagi qaror va dasturlarning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bank tizimida joriy etilgan «Biznes-hamkor» tamoyili doirasida tadbirkorlarga har tomonlama ko‘mak berish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va amaliy yechimlar taqdim etish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuvda jami 30 ga yaqin tadbirkor va fuqaro ishtirok etdi. Bank faoliyati bilan bog‘liq 5 ta murojaat qabul qilinib, ular asosan kredit ajratish hamda bank xizmatlarini yanada takomillashtirish masalalariga daxldor bo‘ldi.
[gallery-30333]
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari samaradorligi bilan e’tiborga loyiq. Xususan, 3 ta murojaat ijobiy hal etildi. Jumladan, ikki nafar tadbirkorga jami 25 million 200 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, bir tadbirkor uchun debet aylanmalari bo‘yicha bank komissiyasi 0 foiz etib belgilandi. Qolgan 2 ta murojaat esa belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Yig‘ilish yakunida kelib tushgan barcha murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish hamda murojaatlar ijrosi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Zomin tumanidagi mazkur ochiq muloqot tadbirkorlarning dolzarb masalalarini joyida hal etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va Prezidentning tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan VI ochiq muloqoti uchun taklif hamda murojaatlarni tizimlashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari