Bugungi bitiruvchi – ertangi taraqqiyot bunyodkori
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalariga diplom topshirishga bag‘ishlangan “Porloq kelajak, yuksak parvoz sizga, aziz bitiruvchi” shiori ostida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va raqobatbardosh kasb egallashi hamda mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi bo‘lgan mazkur tadbir ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi. Unda respublikadagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, filial professor-o‘qituvchilari, jamoatchilik vakillari va bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi M.Qaypanov, filial direktori, professor A.Yesimbetov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oliy ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.
Shuningdek, yosh mutaxassislarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotgani qayd etilib, bitiruvchilarga kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi. Tadbirda bakalavriat, magistratura va sirtqi ta’lim yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025–2026-o‘quv yilida filialni jami 208 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Shundan 184 nafari bakalavriat, 24 nafari magistratura, 71 nafari sirtqi ta’lim yo‘nalishi hisobiga to‘g‘ri keladi. Bitiruvchilarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 188 nafar bitiruvchining bandligi bo‘yicha rasmiy hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Tadbir yoshlarning talaba sifatidagi hayotiga yakun yasar ekan, ularning yurt ravnaqi yo‘lidagi kasbiy faoliyatiga mustahkam zamin yaratdi. Endi ular o‘z bilim va mehnati bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib xizmat qiladigan mutaxassislar safidan o‘rin oladi.
Tadbir konsert dasturi bilan davom etib, barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.