Mustaqillikdan yuksalish sari: oliy ta’lim rivojlanishining 35 yillik yo‘li
Mamlakatimizda eng ulug‘, eng aziz bayram – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligini katta tantana bilan nishonlashimizga ham sanoqli kunlar qoldi. Mustaqillik xalqimizga nafaqat o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini, balki o‘zligimizni qayta anglash, ko‘p asrlik qadriyatlar va ma’naviy merosimizni tiklash, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallash imkonini bergan buyuk ne’matdir.
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, har bir sohada qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlar zamirida ham ana shu muqaddas kuch – mustaqillikning qudrati mujassam. Vatan ravnaqi yo‘lida hayotga tatbiq etilayotgan har bir ezgu tashabbus mustaqillik ruhi bilan uyg‘unlashib, Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini yaratmoqda.
Tarixdan ma’lumki, har qanday davlatning uzoq muddatli rivojlanishi uning tabiiy resurslari, sanoat salohiyati yoki qulay geografik joylashuvi bilangina belgilanmaydi. Mamlakatning asosiy boyligi uning xalqi, bilimli, keng dunyoqarash va zamonaviy ko‘nikmalarga ega yoshlardir. Shu bois oliy ta’lim tizimini rivojlantirish mustaqil O‘zbekiston davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
O‘tgan davr ichida mamlakatimiz ta’lim tizimi uzoq va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Eski markazlashgan yondashuvdan ochiqlik, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, xalqaro hamkorlik va akademik raqobatbardoshlikka yo‘naltirilgan zamonaviy milliy tizimga o‘tildi.
Milliy ta’lim modelini yaratish yo‘lidagi ilk qadamlar
1991-yilgacha O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida boshqaruv markazlashgan holda amalga oshirilar, o‘quv rejalari va ta’lim standartlari yagona yondashuv asosida ishlab chiqilar, universitetlar esa asosan rejali iqtisodiyot uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan edi. Oliy ta’lim muassasalarida akademik mustaqillik deyarli bo‘lmagan, xalqaro aloqalar ham cheklangan, tizimning o‘zida raqobat yo‘q edi.
1990-yillarning boshlariga kelib, mavjud tizim yangi davr talablariga javob bermasligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Bozor iqtisodiyoti, tadbirkorlik, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi va globallashuv jarayonlari kadrlar tayyorlash sifatiga tamomila yangi talablarni qo‘ydi. Mustaqil davlatga milliy manfaatlar ustuvor o‘rin egallagan, shu bilan birga xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy ta’lim siyosati zarur edi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida aynan shunday tizimni shakllantirish yo‘lida ilk qadamlar tashlandi. Jumladan, me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish, ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash mexanizmlarini yaratish borasida ishlar olib borildi.
1997-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining qabul qilinishi mamlakatimiz ta’lim tizimining zamonaviy modeliga asos soldi. Aynan o‘sha davrda barcha bosqichlar – maktabgacha ta’limdan tortib, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim va malaka oshirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgan uzluksiz tizim shakllantirildi.
Keyingi yillarda sohani institutsional rivojlantirish izchil davom ettirildi. Magistratura tarmog‘i kengaydi, milliy ta’lim standartlari takomillashtirilib, kredit-modul tizimi joriy etildi, xorijiy universitetlarning ilk filiallari ochildi, o‘quv jarayonini raqamlashtirish jadallashdi. Shunga qaramay, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi cheklangani, ta’lim dasturlarining eskirgani, tizimning iqtisodiyot ehtiyojlariga to‘liq javob bermasligi, xalqaro integratsiyaning sustligi va universitetlar ilmiy salohiyatining yetarli darajada emasligi kompleks yechimlarni talab qiluvchi dolzarb muammolarga aylandi.
2010-yillarning o‘rtalariga kelib, oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilmasdan turib, mamlakatning keyingi taraqqiyotini ta’minlash imkonsiz ekani ayon bo‘ldi.
Islohotlarning yangi davri
“Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim,
eng hurmatli insonlar – o‘qituvchilar va murabbiylar.”
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
Oliy ta’limni modernizatsiya qilishda 2017-yil tub burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohadagi davlat siyosatining yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Agar ilgari asosiy vazifa mavjud tizimni saqlash va takomillashtirishdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endi uni sifat jihatidan o‘zgartirishga ustuvor ahamiyat qaratila boshladi. Universitet nafaqat yoshlarga bilim beruvchi maskan, balki ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik markazi hamda kelajak iqtisodiyoti uchun kadrlar tayyorlaydigan dargohga aylanishi kerak edi.
Kelgusi yillarda qabul qilingan strategik hujjatlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, universitetlarning akademik mustaqilligini oshirish, ta’lim muhitini raqamlashtirish hamda ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlashga qaratildi.
O‘tgan tarixan qisqa davrda mamlakat oliy ta’lim tizimida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida sohaning mazmun-mohiyati, falsafasi tubdan o‘zgardi. Ya’ni, mamlakatimizda zamonaviy talablarga javob beradigan mutlaqo yangi oliy ta’lim modeli shakllandi.
Islohotlarning natijasi, eng avvalo, raqamlarda o‘lchanadi. Shu bois ayrim statistik ko‘rsatkichlarga nazar tashlasak. Agar 2016-yilda respublika oliy ta’lim muassasalarida 270 mingga yaqin talaba tahsil olgan bo‘lsa, 2025/2026 o‘quv yiliga kelib ularning soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Demak, atigi o‘n yil ichida talabalarning umumiy soni qariyb olti barobarga oshdi. Ayniqsa, so‘nggi 4-5 yilda kuzatilgan o‘sish sur’ati kishini hayratlantiradi. Bu davrda talabalarning soni 808,4 ming nafardan 1 million 535 ming nafargacha ko‘paydi. Ushbu ko‘rsatkich nafaqat Markaziy Osiyo, balki ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar orasida ham eng yuqori natijalardan biri hisoblanadi.
Tabiiyki, bunday o‘sish oliy ta’lim bilan qamrov darajasining sezilarli oshishiga ham olib keldi. 2015-yillarda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi bor yo‘g‘i 7 foiz atrofida bo‘lgan. Bugungi kunga kelib esa ushbu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga yetdi. E’tiborlisi, oliy ta’limda xotin-qizlarning ulushi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 2025/2026 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida qizlarning soni 782,9 ming nafarga yetib, mamlakat tarixida ilk bor o‘g‘il bola talabalarning sonidan ortdi. Xuddi shu tendensiya qabul jarayonlarida ham kuzatilyapti. Xususan, 2024/2025 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan 381,7 ming nafar talabaning 196,7 ming nafarini qizlar tashkil etdi. Bu, bir tomondan, oliy ta’lim qamrovining ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda xotin-qizlarning bilim olishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarning yana bir yorqin ifodasidir.
O‘tgan yillarda yurtimizda universitetlar soni ham keskin ko‘paydi. 2010-yillarning o‘rtalarida mamlakatda 77 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ularning soni 200 tadan oshdi. Davlat universitetlari qatorida nodavlat oliy ta’lim muassasalari paydo bo‘la boshladi, yetakchi xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, qo‘shma ta’lim dasturlari kengaydi. Bugun yoshlar davlat va nodavlat universitetlari, milliy hamda xalqaro ta’lim dasturlari o‘rtasida erkin tanlov qila oladi. Kerak bo‘lsa, mamlakatdan chiqmagan holda nufuzli xorijiy universitet diplomini qo‘lga kiritish imkoniyati ham bor.
Oliy ta’lim tizimida xususiy sektor o‘rniga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘n yil avval mamlakatda nodavlat universitetlar deyarli bo‘lmagan, bugun esa respublikada o‘nlab xususiy oliy ta’lim muassasalari yoshlarga sifatli ta’lim bermoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya, Turkiya, Singapur, Belarus va boshqa qator davlatlarning nufuzli universitetlarining filiallari ochildi.
Natijada, universitetlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi, sohaga zamonaviy ta’lim texnologiyalari keng joriy etildi, mutaxassislarni tayyorlash mexanizmlari tubdan takomillashdi. Qisqa qilib aytganda, islohotlarning dastlabki yillarida asosiy e’tibor milliy oliy ta’lim tizimini shakllantirishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda uning sifati, zamonaviy mehnat bozoriga talablariga javob berishi va xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlash ustuvor vazifaga aylandi.
Xalqaro maydondagi e’tirof
Hozirgi zamonda ta’lim sifati faqat milliy standartlar bilan emas, balki universitetlarning xalqaro ilmiy-ta’lim jarayonlariga qay darajada integratsiyalashgani, global hamkorlikda qanchalik faol ishtirok etayotgani bilan ham baholanadi.
Shu nuqtai nazardan, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yurtimiz oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. So‘nggi yillarda mamlakat universitetlarining xorijiy institutlar va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan aloqalari ancha faollashdi. Qo‘shma diplom dasturlari yo‘lga qo‘yilyapti, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar ko‘lami kengaymoqda.

Bu o‘zgarishlar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. Ilgari O‘zbekiston universitetlarini jahon reytinglarida ko‘rish orzu bo‘lgan bo‘lsa, bugun ana shu orzu real voqelikka aylandi. Xususan, oliy ta’lim muassasalarimiz muntazam ravishda QS World University Rankings, Times Higher Education (THE), THE Impact Rankings, UI GreenMetric va boshqa nufuzli xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallamoqda. Albatta, islohotlarning pirovard maqsadi reytinglarga kirish bilan cheklanib qolmaydi. Biroq aynan shu ko‘rsatkich universitet faoliyatini xalqaro mezonlar asosida xolis baholash, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish hamda boshqaruvning eng ilg‘or tajribalarini joriy etish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Islohotlar markazida – o‘qituvchi
Har qanday sohadagi islohot natijadorligi, avvalo, o‘sha jabhada mehnat qilayotgan fidoyi insonlarga bog‘liq. Tibbiyotda bu – shifokor, tadbirkorlikda – ishbilarmonlar, axborot texnologiyalarida – dasturchilar, ta’limda esa – o‘qituvchi. Zero, ta’lim sohasiga qancha mablag‘ ajratilmasin, jahon andozalariga javob beradigan infratuzilma yaratilmasin, xorijiy tajriba olib kirilmasin, o‘qituvchi o‘z dunyoqarashi, ishiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmas ekan, hatto puxta o‘ylangan islohot ham samara bermaydi. Aynan shuning uchun ham keyingi yillarda pedagoglarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish va mehnatini munosib rag‘batlantirish masalalari davlat siyosatida ustuvor o‘rin egalladi.
Bu boradagi muhim qadamlardan biri 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorining qabul qilinishi bo‘ldi. Unga muvofiq, 2018-yil 1-sentabrdan professor-o‘qituvchilarning bazaviy lavozim maoshlari o‘rtacha 25 foizga oshirildi.
Ilk bor ilmiy daraja, unvon va malakaga qarab mehnatga haq to‘lash tizimi yanada takomillashtirildi. Bu esa ilmiy tadqiqotlar olib borish, dissertatsiya himoya qilish, kasbiy mahoratni oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun kuchli turtki bo‘ldi.
Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlarida stajirovka o‘tash imkoniyatlari kengaydi. Malaka oshirish dasturlari zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqildi, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar, innovatsion pedagogik yondashuvlar va xalqaro tajriba keng joriy etila boshladi.
Qolaversa, yosh tadqiqotchilar va doktorantlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga joriy etishi, patentlar olishi hamda innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirishi uchun moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari yaratildi.
Universitetlarning akademik mustaqilligini oshirish ham islohotlarning muhim qismiga aylandi. Bugun oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlarini shakllantirish, moliyaviy resurslarni boshqarish, ilmiy faoliyatni tashkil etish, kadrlar siyosati va xalqaro hamkorlik masalalarida ko‘proq vakolatlarga ega bo‘lmoqda.
Ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish ham professor-o‘qituvchilarning uchun keng qulayliklar yaratdi. Hujjatlarning elektron shaklda yuritilishi va yangi axborot tizimlari joriy etilishi natijasida pedagoglar asosiy vaqtini eng muhim vazifasi – talabalarga sifatli ta’lim berish va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishga ajratmoqda.
Xotima
Mustaqil O‘zbekistonda ta’lim davlat siyosatining strategik ustunlaridan biriga aylandi. O‘ttiz besh yil ichida mamlakatimiz milliy oliy ta’lim tizimini shakllantirishdan xalqaro standartlarga mos, innovatsiyalarga tayanuvchi va raqobatbardosh kadrlar tayyorlaydigan zamonaviy tizimni yaratishgacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yil ichidagi o‘zgarishlar o‘z ko‘lami va natijadorligi bilan oliy ta’lim sohasida butunlay yangi sahifa ochdi. Buni raqamlarda ham ko‘rishimiz mumkin. Ammo raqamlar ortida ko‘zga tashlanmaydigan jihatlar ham borki, bular minglab yoshlar taqdirining o‘zgarishi, pedagoglarning maqomi yuksalishi, odamlarning roziligi, inson qadrining ulug‘lanishi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni mustahkamlanishidir.
Agar mustaqillikning dastlabki yillari milliy ta’lim tizimiga poydevor qo‘yish davri bo‘lgan bo‘lsa, bugun uni yangi pog‘onaga ko‘tarish, jahon ta’lim andozalari bilan uyg‘un holda rivojlantirish va kelajakka ishonch bilan qadam tashlash davri sifatida tarixga kirmoqda.
Albatta, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib bo‘lmaydi. Oldinda hali qilinadigan ishlar ko‘p. Bugun biz porloq kelajak sari yetaklovchi yo‘lning hal qiluvchi nuqtasida turibmiz. Ana shu yo‘ldan og‘may, barcha ezgu ishlarimizni ro‘yobga chiqarishda istiqlolimizning hayotbaxsh ruhi bizga madadkor bo‘lsin.
Sayyora Xolmirzayeva,
Toshkent davlat agrar universiteti
“O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, professor.
O‘zA