Nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat himoyasida
Bugungi kunda yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat hayotiga to‘laqonli integratsiya qilish, ularning tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiyasini ta’minlash, zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi, avvalo, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va natijadorligida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ijtimoiy xizmatlarning qonunchilik va belgilangan standartlarga muvofiq ko‘rsatilishi ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning Navoiy viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan viloyat Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi faoliyati o‘rganildi. O‘rganish davomida markazda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarining sifati, mavjud shart-sharoitlar, xizmatlarning amaldagi talablar asosida tashkil etilgani hamda ularning natijadorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Markaz tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 100 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs byudjet mablag‘lari hisobidan, 200 nafar fuqaro esa xo‘jalik, ya’ni pullik bo‘lim orqali qabul qilingan. Shuningdek, joriy yilning yetti oyi davomida jami 1802 ta imtiyozli yo‘llanma – bepul order tarqatilgan. Shundan 1402 tasi Navoiy viloyat bosh TIEKga, 200 tasi Buxoro viloyat bosh TIEKga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, ambulator xizmatlardan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga 200 dona imtiyozli yo‘llanma berilgan.
Markazga reabilitatsiya kursini o‘tash uchun yotqizilgan har bir shaxsga zarur tibbiy ko‘rik va davo muolajalari tasdiqlangan tibbiy, ijtimoiy hamda kasbiy reabilitatsiya standartlari asosida amalga oshirilmoqda. Xizmat oluvchi markazga qabul qilingan va markazdan chiqariladigan kuni multidissiplinar reabilitatsiya guruhi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi ham reabilitatsiya jarayonining individual yondashuv asosida tashkil etilayotganidan dalolat beradi.
Eng muhimi, o‘rganish jarayonida xizmat oluvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilganda, ular markazda ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Fuqarolarning ta’kidlashicha, bunday reabilitatsiya markazlari ularning salomatligini tiklash, kundalik hayotga moslashish va hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, o‘rganish davomida markaz faoliyatida ayrim kamchilik va takomillashtirishni talab qiladigan jihatlar ham aniqlandi. Xususan, kasalliklarni erta aniqlash va aniq diagnostika qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida markazga zamonaviy UZI apparati zarur. Mavjud UZI uskunasining eskirgani zamonaviy diagnostika talablariga javob beradigan texnik bazani shakllantirish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Shuningdek, markaz uchun yangi TMS – transkranial magnit stimulyatsiya apparatini xarid qilish zarurati mavjud. Mazkur apparat bosh suyagi orqali miya po‘stlog‘iga qisqa magnit impulslarini berib, ma’lum nerv hujayralari faoliyatini rag‘batlantirish imkonini beradi. Zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish reabilitatsiya xizmatlarining imkoniyatlarini kengaytirish va xizmat oluvchilar uchun yanada samarali muolaja usullarini joriy etishga xizmat qilishi mumkin.
Markazning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, fizioterapiya apparatlarini yangilash ham dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, barcha xonalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘liq moslashtirish, pandus, lift, tutqichlar, maxsus sanitariya xonalari, aravacha harakati uchun qulay yo‘laklar va zamonaviy reabilitatsiya zallarini tashkil etish zarur.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit yaratish faqat binoga kirish imkoniyatini ta’minlash bilan cheklanmasligi kerak. Bu insonning binodan erkin foydalanishi, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan mustaqil ravishda bahramand bo‘lishi hamda o‘zini jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his etishi uchun barcha shart-sharoitni yaratishni nazarda tutadi.
O‘rganish jarayonida markazda rentgen apparati bilan ishlovchi xodimlarning mehnat sharoitlariga ham e’tibor qaratildi. Xodimlar bilan suhbatda nur bilan ishlovchi xodimlarni sut va qatiq mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi tegishli tartibda belgilangan bo‘lsa-da, amalda ushbu mahsulotlar qariyb uch yildan buyon berilmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, markazda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, binoning texnik holati hamda texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilinishi masalalarida ham ayrim kamchiliklar mavjud. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul xodimlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularga tegishli topshiriqlar berildi.
O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, markazda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Elektron qabul tizimining joriy etilgani, multidissiplinar reabilitatsiya yondashuvining qo‘llanilayotgani, xizmat oluvchilarning fikri va ehtiyojlariga e’tibor qaratilayotgani ijobiy natijalardir. Zero, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar - jamiyatning insonparvarligi va davlat ijtimoiy siyosatining amaliy ifodasidir.
Elbek Ikromov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning
Navoiy viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA