Murojaatlar xalqning kayfiyatini ko‘rsatadi
Samarqand viloyati hokimligida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshlig‘i F.Omonov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat boshqarma va idoralar rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlari, Xalq qabulxonalari xodimlari hamda aholi murojaatlari bilan ishlashga mas’ullar qatnashdi.
Yig‘ilishda dastlab, Ochilov Xurshid Abdurashidovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani ma’lum qilindi. Shu paytgacha O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tizimida mas’ul vazifada ishlab kelayotgan X.Ochilov bundan avval Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyati mudiri vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan
Shundan so‘ng majlisda viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshlig‘i F.Omonov A.Boboyev davlatimiz rahbarining joriy yil 13-mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari hamda “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida viloyatda olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.
– Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda Prezident virtual va xalq qabulxonalariga 28 mingdan ortiq fuqarodan 40 mingga yaqin murojaat tushgan hamda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga kamaygan, – dedi F.Omonov. – Murojaatlarning 39 foizi ijobiy hal etilgan. Bu, albatta, yaxshi ko‘rsatkich. Murojaat qiluvchilarning 60 foizini xotin-qizlar, 7,6 foizini yoshlar tashkil etgan. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning 73 foizi ijtimoiy himoya, elektr, gaz, suv ta’minoti, majburiy ijro byurosi, ichki ishlar, prokuratura, bandlik va xotin-qizlar qo‘mitalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Urgut va Narpay tumanlaridan boshqa barcha tuman va shaharlarda murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Ammo ayrim mahallalar, tashkilotlar kesimida murojaatlar ko‘paygan. Masalan, Paxtachidagi Istiqlol, Samarqand shahridagi Shodiyona, Urgutdagi Jartepa, Pastdarg‘omdagi Olti qahramon mahallalaridan murojaatlar boshqalarga qaraganda ancha ko‘p bo‘lgan. Takroriy murojaatlar ham ba’zi hududlarda ko‘p qayd etilgan. Samarqandlik 310 nafar fuqaro 400 dan ortiq masala bo‘yicha poytaxtga, yuqori idoralarga murojaat qilgan.
Respublika Xalq qabulxonasi rahbari murojaatlar tahlili bo‘yicha mas’ullardan izoh so‘radi hamda eng ko‘p masala qayd etilayotgan hududlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining joylarda sayyor qabullar o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratishlari zarurligini ta’kidladi. Bu borada Xalq qabulxonalarida sayyor qabul o‘tkazishi belgilangan rahbarlarning mas’uliyatini eslatdi.
– To‘g‘ri, bugun hokimlar, boshqa soha rahbarlarining ham zimmasida juda ko‘p vazifalar, majburiyatlar bor, – dedi F.Omonov. – Lekin murojaatlar masalasi ular orasida eng muhimlaridan hisoblanadi. Shuning uchun ham hurmatli Prezidentimiz endilikda joylardagi Xalq qabulxonalariga hokimlar jamoatchilik asosida rahbar bo‘lishini belgilab berdi. Bu hokimlarga avvalo aholining hayoti, kayfiyati bilan yaqindan tanish bo‘lgan holda, hududda qaysi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratishi uchun katta turtki beradi, kelgusi rejalarni belgilab olishga asos bo‘ladi.
[gallery-30269]
Yig‘ilishda har bir murojaatga jiddiy e’tibor qaratish, ularni ko‘rib chiqish va hal etishda qonun talablariga qat’iy rioya qilish, joylarda rahbarlarning sayyor qabullarini muntazam o‘tkazish va bundan aholi xabardorligini oshirish, qabullar o‘tkazishda zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Muhokama etilgan masala yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari