Tadbirkorlar Prezident bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab davlatimiz rahbarining biznes vakillari bilan kutilayotgan uchrashuviga tayyorgarlik doirasida hududlarda tadbirkorlarning murojaat va takliflarini o‘rganish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishlarda Biznes-Ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, ularni hal etish mexanizmlari va ochiq muloqotga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Jumladan, Biznes-ombudsman hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamkorligida voha tadbirkorlari bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazildi. Unda 40 nafar tadbirkorlik sub’ekti vakillari ishtirok etib, bevosita o‘z muammolari, sohani rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan omillar va takliflarini faol bayon etdi.
Bu kabi ochiq muloqotlar nafaqat joylardagi xususiy sektor vakillarining muammolarini tezkor hal etish, balki davlatimiz rahbari bilan kutilayotgan katta muloqot uchun iqtisodiy islohotlar zaminini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, Jizzax viloyatida tadbirkorlar bilan sud-huquq masalalari bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi.
Viloyatda o‘tkazilgan muloqotda Prezident Administratsiyasi mas’ullari, Biznes-ombudsman hamda Oliy sud rahbariyati, Savdo-sanoat palatasi vakillaridan iborat ishchi guruh ishtirok etdi.
Mazkur ochiq muloqotdan ham ko‘zlangan asosiy maqsad – hududda huquq-tartibot hamda sud tizimidagi islohotlar samarasini ko‘zdan kechirish, shuningdek, xususiy sektor vakillarining qonuniy manfaatlarini kafolatlash holatini tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirkorlar bilan tashkil etilgan ochiq muloqotlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi haqiqiy muammolar o‘rtaga tashlandi. Shu bilan birga, viloyat sudyalari ishtirokida o‘tkazilgan yuzma-yuz muloqotda tizimdagi kamchiliklar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Bu kabi bevosita uchrashuvlar biznes ahlining kundalik faoliyatida duch kelayotgan g‘ovlarini o‘z vaqtida bartaraf etish hamda sohadagi huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan ochiq muloqotda kelib tushgan arizalarni tizimlashtirish va ularni hal etish mexanizmlari hududiy shtabda muhokama qilindi.
Qashqadaryo viloyatida 50 dan ortiq tadbirkorning murojaatlari ko‘rib chiqildi. 20 ga yaqin tadbirkorning muammosi tahlil qilindi.
– O‘tkazilayotgan tadbirlarda 6 oylik sarhisob va yangi tahlillar ham ko‘rib chiqilmoqda, – dedi Biznes-ombudsman mas’ul xodimi Guljamol Shukurova. – Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun qulay muhit yaratish borasidagi ishlar davom ettirildi. Biznes-ombudsman devoni tomonidan nazorat qiluvchi organlar faoliyati ustidan olib borilayotgan doimiy monitoring natijalari sohada ijobiy o‘zgarishlar va tadbirkorlarga yengillik yaratishga qaratilgan harakatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Tadbirkorlar eng ko‘p to‘qnash keladigan asosiy nazorat idoralarida tekshirishlar soni ketma-ket bir necha oydan buyon barqaror ravishda kamayib bormoqda. Bu tizimlarning raqamlashayotgani va «inson omili» cheklanayotganidan dalolat beradi.
Xususan, Soliq qo‘mitasida nazorat tadbirlari eng katta ko‘rsatkichga, ya’ni 8 636 taga kamaydi. (O‘tgan yilgi 59 725 tadan 51 089 taga tushdi).
O‘zagroinspeksiyada tekshiruvlar soni 437 taga kamayib, barqaror pasayish trendini saqlab qoldi. Qurilish va kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasida nazorat tadbirlari 365 taga kamaydi. Adliya vazirligida tekshiruvlar soni sezilarli darajada – 305 taga qisqardi.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasida nazorat faoliyati qariyb 4,4 barobarga (218 taga) kamayib, bor-yo‘g‘i 64 tani tashkil etdi.

Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda xavfsizlik va aholi salomatligini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlarining faollashgani kuzatilmoqda. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tizimida ketma-ket 2-3 oydan buyon o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida tekshiruvlar soni o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda ko‘paygan.

Ushbu ko‘rsatkichlar tadbirkorlarga asossiz bosim o‘tkazishga xizmat qilmasligi lozim. Devon tomonidan mazkur idoralarning har bir tekshiruvi asosliligi va qonuniyligi qat’iy nazoratga olinadi va tadbirkorlarning qonuniy huquqlari ta’minlanadi.
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan 5 ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida barcha hududlarda tashkil etilgan shtablar joriy yilning 15-avgust kuniga qadar 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA