Elektron tamaki olib kirganlar jinoiy javobgarlikka tortilmoqda
O‘zbekistonda elektron sigaretalar va nikotin yetkazib berishning boshqa elektron vositalarini mamlakat hududiga olib kirish, saqlash, tashish hamda muomalaga kiritishga nisbatan nazorat yanada kuchaytirilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday mahsulotlarni noqonuniy ravishda olib kirgan shaxs birinchi marta ma’muriy, takroran sodir etgan taqdirda esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Bojxona qo‘mitasi elektron tamaki mahsulotlari hamda nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini noqonuniy aylanmadan chiqarish va ularning mamlakat hududiga yashirin olib kirilishiga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil 27-noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun mazkur sohadagi huquqiy talablarni yanada kuchaytirdi.
Unga muvofiq, nikotinli snyuslar, tamakini qizdirish tizimlari va nikotin yetkazib berishning elektron vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, sotib olish, saqlash, tashish, sotish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki olib chiqish uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan.
Bojxona organlari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida respublika chegarasi orqali tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirish va ichki bozorda muomalaga kiritish bilan bog‘liq 759 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan.
Natijada umumiy qiymati 48,5 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari musodara qilingan. Shuningdek, aniqlangan holatlarning 185 tasida qiymati 4,2 milliard so‘mlik 58 ming 403 quti nikotinli snyus mahsulotining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
E’tiborli jihati shundaki, nikotinli snyuslarni mamlakat hududiga noqonuniy olib kirishga uringan 15 nafar fuqaro bu huquqbuzarlikni takroran sodir etgan. Ularning 7 nafariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bojxona qo‘mitasi fuqarolarni yana bir bor ogohlantirib, respublika hududida muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, jumladan elektron sigaretalarni tayyorlash, sotib olish, saqlash, tashish, sotish, mamlakat hududiga olib kirish yoki olib chiqish qonun bilan taqiqlanganini eslatdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur cheklovlar aholi, ayniqsa yoshlar salomatligini muhofaza qilish, noqonuniy savdo aylanmasini qisqartirish hamda jamoat salomatligini ta’minlashga qaratilgan. Fuqarolardan qonun talablariga qat’iy rioya qilish, taqiqlangan mahsulotlarni mamlakat hududiga olib kirmaslik va ularning noqonuniy muomalasida ishtirok etmaslik so‘ralmoqda. Zero, qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi, qonun talablarini buzish esa ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA