Germaniyadan yuborilgan boks jihozlari ichida 8 kilogramm giyohvandlik vositasi aniqlandi
Giyohvandlik vositalarining transchegaraviy noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida bojxona organlari tomonidan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Uning natijasida Germaniyadan O‘zbekistonga xalqaro kurerlik jo‘natmasi orqali yuborilgan boks jihozlari ichiga yashirilgan 8 kilogramm giyohvandlik vositasining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbir Bojxona qo‘mitasining «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi hamda «Elektron tijorat» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Germaniyadan xalqaro kurerlik jo‘natmasi orqali yuborilgan boks qopi va qo‘lqoplari bojxona nazoratidan o‘tkazilayotganda, xodimlar shubhali holatni aniqladi. Tekshiruv davomida mazkur buyumlar ichiga mohirlik bilan 4 kilogramm giyohvandlik vositalari yashirilgani fosh etildi. Shundan so‘ng, 3-sentabr kuni poytaxtning Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu jo‘natmani qabul qilib olayotgan 25 yoshli Chernogoriya fuqarosi qo‘lga olindi.
Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, jo‘natma tarkibida 3 kilogramm «klefedron» sintetik giyohvandlik vositasi va 1 kilogramm «gashish» borligi aniqlandi. Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchining faoliyati yanada chuqur o‘rganildi. Aniqlanishicha, u «Signal» messenjerida «Mayk» akkauntidan foydalanuvchi shaxsning topshirig‘i asosida avval ham Qozog‘iston va Gruziya hududlarida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shug‘ullangan. Shuningdek, fuqaroning vaqtincha yashash xonadonini ko‘zdan kechirish chog‘ida keyinchalik tarqatish maqsadida tayyorlangan giyohvandlik vositalari ham aniqlandi. Xususan, 30 gramm «A-PVP» sintetik giyohvandlik vositasi joylangan 11 ta tayyor o‘ram, shuningdek, zip-paketlar va elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Biroq tezkor tadbir shu bilan yakunlanmadi. Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchining akasi nomiga ham Germaniyadan xuddi shunday mazmundagi pochta jo‘natmasi kelayotgan bo‘lgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, 8-sentabr kuni Germaniyadan yuborilgan ikkinchi jo‘natma ham to‘xtatib qolindi. Unda ham jami 4 kilogramm og‘irlikdagi «gashish» va «klefedron» giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi. Shu tariqa ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar natijasida jami 6 kilogramm «klefedron» va 2 kilogramm «gashish» — umumiy hisobda 8 kilogramm giyohvandlik vositasining noqonuniy muomalaga kirib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida giyohvandlik vositalarini yuborgan va ularning noqonuniy aylanmasida ishtirok etgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tegishli tadbirlar davom ettirilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA