Muhiddin Madaminov “UzChess Cup 2026” g‘olibi!
Poytaxtimizda jahon shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan “UzChess Cup 2026” xalqaro musobaqasi yakunlandi.
Deyarli o‘n kun mobaynida kechgan shiddatli va o‘ziga xos “aql janglari” qaysidir ma’noda shaxmatchilarimiz uchun 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik vazifasini o‘tagan bo‘lsa, yana qaysidir jihatdan yosh grossmeysterlarimiz uchun bir pog‘ona yuksalish pillapoyasi bo‘ldi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat turnirning "Masters" guruhida hamyurtlarimiz Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov kuchli raqiblarga qarshi dona surishiga qaramay, g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.
So‘nggi 9-turda Shamsiddin Vohidov ham, Muhiddin Madaminov ham qora donalarda Nodirbek Abdusattorov va AQSHlik Neymann Xans Moke bilan durangga erishgani shov-shuvli ko‘rsatkich bo‘ldi.

Ushbu turda g‘oliblikka da’vogarlik qilgan Shaxriyor Mamedyarov oq donalarda Yan Nepomnyashiy bilan, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Vidat Santosh bilan durangga erishishi ham, Arjun Erigaisi oq donalarda Nikolas Teodoruni mag‘lubiyatga uchratishi ham o‘zbekistonlik ikki yosh shaxmatchini chempionlik yo‘lidan qaytara olmadi.
9-tur yakuniga ko‘ra, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov raqiblaridan 0,5 ochko tortib olishi natijasida 5,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
"Masters" guruhida g‘olibni aniqlash uchun Madaminov-Vohidov o‘rtasida tay-breyk musobaqasi tashkil etildi.
Tay-breyk yakuniga ko‘ra, Muhiddin Madaminov 1,5:0,5 hisobida ustunlikka erishib, turnir g‘olibiga aylandi va turnir nizomiga ko‘ra, 20 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni egallagan Sh.Vohidov, o‘z navbatida 15 ming AQSH dollariga ega chiqdi.

Xalqaro turnirning “Challengers” guruhida 8 ta turdan so‘ng 7 ochko jamg‘argan ozarbayjonlik Muhammad Muradli muddatidan avval g‘oliblikni naqd qildi. So‘nggi turda u hamyurtimiz Jahongir Vohidov bilan durang o‘ynadi. Sovrinli o‘rinlarga nomzod Ruminiya, Ukraina va Hindiston vakillari 4,6 ochkoga ega bo‘lib turibdi. Hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarov 4 ochko bilan 6-o‘rinda harakatlanmoqda.

“Futures” guruhida terma jamoamiz a’zosi Humoyun Bekmuratov 7 ochko bilan 1-o‘ringa ega chiqqan vaziyatda 141 nafar shaxmatchi qatnashgan “Open” guruhida FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashgan Temur Gariyev 7,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga yetakchiga aylandi. Hamyurtimiz Shavkat Abduxoliqov 7,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar holatida 2-o‘rin bilan kifoyalandi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA