Muassasa faoliyati har tomonlama o‘rganildi
Jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biri — inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashdir. Ayniqsa, ruhiy salomatlik sohasida faoliyat yuritayotgan muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlarni muntazam o‘rganish, xizmat sifatini yanada oshirish va xodimlarning fikr-mulohazalarini inobatga olish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati A. Huseynova tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha viloyat filialida navbatdagi monitoring o‘tkazildi.
Monitoring davomida muassasa faoliyati har tomonlama o‘rganildi. Avvalo, bu yerda mehnat qilayotgan shifokorlar, hamshiralar va boshqa tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning kundalik faoliyati, mehnat sharoitlari hamda ish jarayonida duch kelayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash tizimining samaradorligi, tibbiy xizmatlar sifati, muassasada yaratilgan ijtimoiy va mehnat sharoitlari atroflicha tahlil qilindi. Muassasa faoliyatini yanada takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish hamda aholiga yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qator takliflar muhokama etildi.
Uchrashuv davomida xodimlarni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va mulohazalari diqqat bilan tinglandi. Ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan tegishli takliflar shakllantirilib, amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Bunday monitoringlar sog‘liqni saqlash tizimida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, tibbiyot xodimlarining mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, inson salomatligi va qadrini yuksak qadriyat sifatida e’tirof etish yo‘lidagi bunday amaliy ishlar davlat siyosatida inson manfaatlari ustuvor ekanining yana bir yorqin ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri