Yana bir mahalliy tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchisi xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlashtirish organi tomonidan mahalliy tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchisi “NAM BIOTEST” MCHJga O‘zMSt ISO 13485:2025 (ISO 13485:2016, IDT) milliy standarti talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi sertifikat tantanali ravishda topshirildi.
Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Sertifikatni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov korxona rahbariga topshirar ekan, tibbiy jihozlar ishlab chiqarishda sifat menejmenti standartlarini joriy etish mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini izchil rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlashda muhim omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u sifat menejmenti tizimining xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yilishi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xavfsizligi, sifati va ishonchliligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Mazkur sertifikat korxonada tibbiy jihozlar, diagnostika vositalarini ishlab chiqarish hamda sifat nazoratini tashkil etish jarayonlari xalqaro standartlar talablariga muvofiq yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi. Bu esa korxonaning ichki bozordagi mavqeini mustahkamlash bilan bir qatorda, mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
2019-yilda tashkil etilgan “NAM BIOTEST” MCHJ bugungi kunda O‘zbekistonda “in vitro” diagnostika vositalari va laboratoriya reagentlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi mahalliy korxonalardan biri hisoblanadi. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida ekspress diagnostik testlar, ELISA test to‘plamlari, laboratoriya reagentlari hamda boshqa diagnostika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Ta’kidlash joizki, ISO 13485 standarti tibbiy buyumlar uchun sifat menejmenti tizimiga qo‘yiladigan xalqaro talablarni belgilovchi standart bo‘lib, uning joriy etilishi ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, xavflarni boshqarish, amaldagi me’yoriy talablar va iste’molchilar talablariga muvofiqlikni ta’minlash hamda korxonaning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur sertifikatning topshirilishi O‘zbekistonda tibbiy jihozlar ishlab chiqarish sohasida xalqaro standartlarni keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘liqni saqlash tizimini sifatli hamda xavfsiz tibbiy mahsulotlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA