Mbappe penaltilar bo‘yicha Ronaldu yetakchilik qilayotgan antirekord ro‘yxatidan joy oldi
Fransiyalik hujumchi Madrid klubi libosida hozirga qadar 24 marta 11 metrlik nuqtadan zarba yo‘llagan.
Kilian Mbappe "Real Madrid" safida penaltilarni amalga oshirish bo‘yicha klub tarixidagi o‘ziga xos statistik ro‘yxatdan joy oldi.
Fransiyalik hujumchi Madrid klubi libosida hozirga qadar 24 marta 11 metrlik nuqtadan zarba yo‘llagan. Ularning 19 tasi gol bilan yakunlangan, 5 ta urinishda esa Mbappe imkoniyatdan foydalana olmagan.
Shu tariqa, 27 yoshli futbolchi "Real" tarixida kamida 5 ta penaltini golga aylantira olmagan to‘qqizinchi futbolchiga aylandi.
Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Krishtianu Ronaldu ro‘yxatni boshqarib turibdi. Portugaliyalik yulduz "Real"dagi faoliyati davomida tepgan 92 ta penaltidan 13 tasida xato qilgan. Alfredo Di Stefano 12, Michel 8, Ferens Pushkash 7, Luish Figu esa 6 marta 11 metrlik imkoniyatdan foydalana olmagan.
Xuanito, Pirri va Karim Benzema ham Mbappe singari "Real" safida 5 tadan penaltini golga aylantira olmagan.
Mbappening Madrid klubidagi penaltilardan foydalanish samaradorligi ayni paytda qariyb 79 foizni tashkil qilmoqda.