41 yoshli Modrich Xorvatiya terma jamoasidagi faoliyatini davom ettiradi
Xorvatiya futbol ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra, 9-sentyabr kuni 41 yoshini qarshi oladigan Modrich terma jamoa murabbiylar shtabiga navbatdagi xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Luka Modrich Xorvatiya terma jamoasida o‘ynashda davom etadi. Tajribali yarim himoyachi sentyabr va oktyabr oylarida Millatlar ligasi uchrashuvlarida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatidan joy oladi.
Xorvatiya futbol ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra, 9-sentyabr kuni 41 yoshini qarshi oladigan Modrich terma jamoa murabbiylar shtabiga navbatdagi xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Milliy jamoa bosh murabbiyi Slaven Bilich sardorning qarorini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
"Albatta, Lukaning bu qaroridan juda xursandman. Uning qanday futbolchi ekanini va Xorvatiya uchun nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. 14 yildan keyin yana birga ishlashimiz ham men uchun quvonarli. Maqsadimiz — Xorvatiyaning kuchli bo‘lishi va dunyoning eng yaxshi jamoalari bilan tengma-teng kurashishini ta’minlash", — dedi Bilich.
Xorvatiya Millatlar ligasi doirasida 26-sentyabr kuni Pragada Chexiyaga, 29-sentyabrda Sevilyada Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi. Keyin jamoa 3-oktyabr kuni Riyekada Angliyani qabul qiladi, 6-oktyabrda esa Splitda yana Ispaniya bilan bahslashadi.
Modrich Xorvatiya terma jamoasi libosida shu kungacha 202 ta uchrashuvda maydonga tushgan. U milliy jamoa bilan 2018-yilgi Jahon chempionatida kumush, 2022-yilgi mundialda esa bronza medalini qo‘lga kiritgan.