Markaziy Osiyo va UNEP ekologik hamkorlikni yanada kengaytiradi
Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining atrof-muhit sohasi rahbarlari hamda BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nisanbayev, Tojikiston hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda hamda Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar mintaqaviy ekologik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va UNEP bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda Markaziy Osiyoda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim kun tartibi davlat rahbarlari darajasida misli ko‘rilmagan darajada e’tibor markaziga chiqqan. Bunga 2025-yilda o‘tkazilgan Samarqand iqlim forumi hamda Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammit yaqqol misol bo‘la oladi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri havo sifatini yaxshilash va «Toza havo uchun davlatlararo koalitsiya» tashabbusini rivojlantirish bo‘ldi. Ishtirokchilar qum va chang bo‘ronlarining aholi salomatligi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan mintaqaviy loyihani UNEP bilan hamkorlikda ishlab chiqish masalasini muhokama qildi.
Shuningdek, havo sifati monitoringi va prognozlash tizimlarini takomillashtirish, ekologik ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda transchegaraviy ifloslanishga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi keng qamrovli mintaqaviy dasturni shakllantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda atrof-muhit o‘zgarishlarining mintaqaviy atlasini yaratish tashabbusi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. O‘zbekiston 2025-yilda UNEP ko‘magida ishga tushirilgan Milliy atrof-muhit atlasini ishlab chiqish tajribasini taqdim etdi. Shu asosda mintaqaning barcha davlatlari ekologik ma’lumotlarini birlashtiruvchi yagona mintaqaviy atlasni yaratish taklif qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Monreal protokoli doirasidagi ishtiroki va mintaqaning BMT tizimi hamda UNEPdagi institutsional vakilligini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar barqaror rivojlanish, ekologik barqarorlik va iqlim xavfsizligini ta’minlash maqsadida UNEP bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro ekologik jarayonlardagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi aytildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA