Noqonuniy elektr iste’moliga qarshi nazorat qanchalik samara bermoqda?
Mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, elektr ta’minoti tizimi barqarorligini saqlash hamda noqonuniy iste’mol holatlarining oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan choralar nafaqat qoidabuzarliklarni aniqlash, balki elektr tarmoqlarining ishonchli ishlashini ta’minlash va iste’mol madaniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan galdagi nazorat tadbirida “S. S. I.” MCHJga qarashli korxonada reaktiv quvvatni kompensatsiya qilish ishlari tashkil etilmagani hamda elektr energiyasidan samarasiz va nooqilona foydalanib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat qonunchilik talablari buzilishi sifatida baholanib, O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli qonuni 45-moddasiga muvofiq korxonaga 37,1 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Nazorat tadbirlari davomida Xorazm viloyatida yana bir jiddiy holat aniqlandi. Unga ko‘ra, “T. A.” MCHJga qarashli g‘isht zavodida hisoblagichning ulanish sxemasi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelingan. O‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qoidabuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 763 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Sohadagi ishlar faqat qoidabuzarliklarni aniqlash bilan cheklanib qolmayapti. Elektr energetikasi infratuzilmasining barqaror ishlashi va texnik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan choralar ham doimiy nazoratda turibdi.
Xususan, “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Dadajon Isaqulov rahbarligidagi ishchi guruh Toshkent shahrida joylashgan 110/10/6 kV kuchlanishli “Vistovochnaya” podstansiyasida amalga oshirilayotgan texnik ta’mirlash va tiklash ishlarini o‘rgandi. O‘rganish jarayonida nosozlik sabablari, yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan texnik qurilmalarni qayta tiklash ishlari hamda ob’ektda xavfsizlik talablariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Hozirgi vaqtda podstansiya hududida zarar ko‘rgan qurilmalarni tiklash, ularni almashtirish va elektr uskunalarining ishonchli ishlashini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, mas’ullarga texnik ekspluatatsiya va xavfsizlik bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Mutaxassislar qayd etganidek, elektr energiyasidan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlariga qarshi qat’iy nazorat o‘rnatish tarmoqda barqarorlikni ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish hamda iste’molchilar uchun ishonchli elektr ta’minotini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA