Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Qaror ijrosi amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yurtimizning barcha hududlarida keng qamrovli xayriya va saxovat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga mehr-e’tibor ko‘rsatishga qaratilgan ishlar xalqimizning bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlarini yanada namoyon etmoqda.

Ana shunday ezgu tadbirlar Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham yuqori saviyada tashkil etildi. Qurbon hayiti arafasida yuzlab oilalar bayram shodiyonasi va mehr-muruvvatdan bahramand bo‘ldi. Xususan, tumandagi 1890 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro, yakka-yolg‘iz keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan shakllantirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Mahallalarda o‘tkazilgan xayriya tadbirlari davomida fuqarolarning holidan xabar olinib, ularning muammolari tinglandi, bayram munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu tilaklar yo‘llandi. Bu kabi tashabbuslar aholining ehtiyojmand qatlamlariga nafaqat moddiy, balki ma’naviy ko‘mak berish, ular qalbida mehr va ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qildi.

Jumladan, tumandagi Pamo‘za mahallasida istiqomat qiluvchi aholi uchun ham mehr-saxovat tadbirlari tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu mahallada 7169 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar alohida e’tiborga olinib, 38 nafar fuqaroga “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamlari topshirildi.
Mahalla “yettiligi” vakillari xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan muloqot qildi, ularning turmush sharoiti bilan qiziqdi hamda bayram quvonchini har bir xonadonga olib kirishga harakat qildi. Bu esa mahallalarda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamladi.
Xususan, 2-guruh nogironligi bo‘lgan Gulmira Kazakova ham davlat va jamiyat g‘amxo‘rligidan chetda qolmadi. Uning xonadoniga tashrif buyurilib, bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi, holidan xabar olindi. Ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik fuqarolarda cheksiz minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otib, bayram kayfiyatini yanada ko‘tardi.
Qurbon hayiti munosabati bilan o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar aholini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va insonparvarlik qadriyatlarini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ham alohida e’tiborga loyiq.
Jumladan, G‘ijduvon tumanining Abduqxoliq G‘ijduvoniy mahallasida yashovchi, tug‘ma yurak nuqsoni bilan kasallangan 7 oylik Umida Baxshillayevaning oilasiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xayriya tadbiri doirasida qizning ota-onasiga maxsus vaucherlar topshirildi. Ushbu vaucherlar asosida Umida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, malakali mutaxassislar tomonidan bepul jarrohlik amaliyoti bilan ta’minlanadi. Bu esa qizning sog‘lig‘ini tiklash, kelajakda sog‘lom va baxtli hayot kechirishi uchun muhim imkoniyat yaratadi.
G‘ijduvon tumanida Qurbon hayiti munosabati bilan tashkil etilgan mehr-saxovat tadbirlari inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat va birdamlik muhitini mustahkamlash yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi. Bu kabi ezgu ishlar xalqimiz qalbida yaxshilik, saxovat va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri