Kutubxonaga 1000 dona kitob taqdim etildi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida faoliyat boshlagan zamonaviy “Shohrux kutubxonasi” yana bir muhim ma’rifiy tashabbus bilan boyidi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan kutubxona fondiga 1000 dona kitob taqdim etilib, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik imkoniyatlarini yanada kengaytirishga munosib hissa qo‘shildi.
Mazkur ma’rifiy tashabbus doirasida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov kutubxonaga tashrif buyurdi. Unga Jizzax viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sardor Shukurullayev hamda Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev hamrohlik qildi.
Tashrif davomida kutubxona faoliyati, kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va zamonaviy infratuzilma bilan yaqindan tanishildi. Bugungi kunda ushbu ma’rifat maskanida 50 mingdan ortiq kitob jamlangan bo‘lib, 100 o‘rinli o‘quv zali, elektron kutubxona, “Book Cafe”, kitob do‘koni hamda poligrafiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa nafaqat kitob mutolaasi, balki ilmiy izlanish, ma’rifiy tadbirlar va ijodiy uchrashuvlar uchun ham qulay muhit yaratmoqda.
Kutubxona fondini yanada boyitish maqsadida Turizm qo‘mitasi tomonidan 1000 dona kitob sovg‘a qilinishi ushbu ma’rifat maskanining imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Yangi adabiyotlar turli yosh toifasidagi kitobxonlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
[gallery-ID: 447003]
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, turizm va ma’naviyat bir-birini to‘ldiruvchi muhim yo‘nalishlardir. Zamonaviy kutubxonalar nafaqat mahalliy aholi, balki mamlakatimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarda ham O‘zbekistonning boy ma’naviy merosi, kitobxonlik an’analari va intellektual muhiti haqida ijobiy tasavvur uyg‘otadi.
“Shohrux kutubxonasi” fondiga 1000 dona kitobning taqdim etilishi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan, yosh avlodning bilim olishga intilishini rag‘batlantiruvchi va kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim amaliy qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari