Madaniyatlar muloqotining hayotiy namunasi
Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida "Ipak yo‘li" VI Xalqaro she’riyat va san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman jahonning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan shoirlar, yozuvchilar, tarjimonlar, rassomlar, olimlar hamda madaniyat namoyandalarini birlashtirgan yirik xalqaro madaniy tadbirga aylandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu festivalda Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan kelgan ijod ahli bir sahnada jam bo‘lib, o‘z mamlakatlarining adabiy an’analari, milliy she’riyat namunalari va ijodiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

– Festival o‘z nomidan ham anglashilib turganidek, Buyuk Ipak yo‘li xalqlari o‘rtasida asrlar davomida shakllangan ma’naviy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan, – dedi "Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri, taniqli ijodkor Sirojiddin Rauf. – Tadbirning bosh g‘oyasi she’riyat, san’at va madaniy muloqot orqali tinchlik va hamjihatlik g‘oyalarini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi. Festival doirasida tashkil etilgan tadbirlar adabiyot inson qalblarini yaqinlashtiruvchi, xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlovchi beqiyos ma’naviy kuch ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Festivalning eng muhim tadbirlaridan biri sifatida Tinchlik yo‘lidagi Jahon she’riyat kongressi o‘tkazildi. Unda she’riyatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, xalqlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirish, tarjima san’atini takomillashtirish hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, festival doirasida she’rxonlik kechalari, kitoblar taqdimoti, ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, rassomlar ko‘rgazmalari va turli madaniy dasturlar tashkil etildi. Bu tadbirlar ishtirokchilarga nafaqat o‘z ijod namunalarini taqdim etish, balki turli xalqlarning boy madaniy qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini ham yaratdi.

O‘zbekiston azaldan Buyuk Ipak yo‘lining markaziy hududlaridan biri sifatida jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelgan. Shu bois mamlakatimiz ijodkorlarining mazkur festivaldagi ishtiroki milliy adabiyotimizning xalqaro maydonda yanada keng tanilishiga xizmat qiladi. Bu kabi xalqaro adabiy anjumanlar o‘zbek she’riyatining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, ijodiy hamkorliklarning kengayishi va yangi adabiy loyihalarning yuzaga kelishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ayniqsa, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa mumtoz adiblarimiz boy adabiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda bunday festivallarning ahamiyati beqiyos.

Festivalda O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, Xurshid Davron, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, shuningdek, ijodkorlar Sirojiddin Rauf, G‘ayrat Majid, Qutlibeka Rahimbayeva, Salim Ashur, Shodi Otamurod va Nargiza Asadova munosib taqdirlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur festivalning "Shoir-laureat", "Oltin tuya" va "Kumush tuya" she’riyat mukofotlari sohiblariga tantanali ravishda topshirildi.

Buyuk Ipak yo‘lining boy madaniy merosi bugun ham xalqlarni birlashtiruvchi ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. "Ipak yo‘li" VI Xalqaro she’riyat va san’at festivali ana shu ko‘prikning zamonaviy adabiy va madaniy ifodasi sifatida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
N.Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (surat),
O‘zA