Kasbiy malaka chegara bilmaydi: Shinjon va Markaziy Osiyo hamkorligi
Xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy ko‘nikmalarni takomillashtirish va mehnat bozori ehtiyojlarini muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida kasbiy malakani o‘zaro tan olish masalasining ilgari surilishi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlaridan biridir.
15-oktabr kuni Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘li” texnologiyalar transferi bo‘yicha uchinchi xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari mamlakatlarining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari haqida ma’lumot berdi. Tadbirda Shinjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida kasbiy malakani xalqaro miqyosda o‘zaro tan olishga oid kelishuv imzolangani ham ma’lum qilindi.
Mazkur tashabbus kasbiy tayyorgarlik va mutaxassislar salohiyatini baholash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat aloqalari uchun zarur kadrlarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Mamlakatimiz vakili, tajribali davlat va jamoat arbobi Hamrotosh Shodiyeva kelishuv kasbiy malaka sohasidagi qoidalar va standartlarni yaqinlashtirish, mutaxassislarning mamlakatlar o‘rtasidagi kasbiy faoliyati uchun qulay sharoit yaratish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga ko‘maklashishini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston sanoatni modernizatsiya qilish va infratuzilmani jadal rivojlantirish jarayonini izchil davom ettirmoqda. Bu esa qurilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, axborot texnologiyalari va zamonaviy xizmatlar sohalarida malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu bois kadrlar tayyorlash va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim hisoblanadi.
Qozog‘iston vakili, Olmaota shahri Yoshlar siyosati boshqarmasi huzuridagi Shahar kasbiy rivojlanish markazi direktori Akaris To‘lebekov mamlakatdagi industriallashuv va raqamli transformatsiya jarayonlari bilan bog‘liq kadrlar ehtiyoji haqida ma’lumot berdi. Xususan, muhandislik texnologiyalari, raqamli ko‘nikmalar va logistika boshqaruvi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Qozog‘iston tomoni kasbiy malakani o‘zaro tan olish, kadrlarni birgalikda tayyorlash, stajirovkalar tashkil etish va amaliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish bildirdi.
Konferensiya doirasida Shinjonning Sinshi tumanidagi yuqori texnologiyalar zonasi inson kapitali sohasidagi xalqaro xizmatlar platformasini ham taqdim etdi. To‘qqizta yo‘nalishni qamrab olgan platforma xalqaro kadrlar siyosati, kasbiy kompetensiyalarni baholash, mutaxassislarni jalb etish va kasbiy ta’lim kabi xizmatlarni birlashtiradi. U ish izlovchilar va tadbirkorlarga transchegaraviy xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish imkonini yaratishga mo‘ljallangan.
“Xinjiang Gaoxin Talent Operations Management” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Li Szening aytishicha, Xitoy korxonalari xorijiy bozorlarga chiqishda kadrlar haqidagi ma’lumotlarning tarqoqligi va mutaxassislarni izlash imkoniyatlarining cheklanganligi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelgan.
Yangi platforma Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi kadrlar salohiyati haqidagi ma’lumotlarni raqamli muhitda jamlash va mutaxassislarni izlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu mexanizmning samaradorligi uning amaliyotga joriy etilishi va ishtirokchilar ehtiyojlariga qay darajada javob berishiga bog‘liq bo‘ladi.
Umuman, kasbiy malakani o‘zaro tan olish, mutaxassislar tayyorlash va inson kapitali sohasidagi xizmatlarni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Nilufar Bozorova, O‘zA