Braziliyadagi saylov nima uchun muhim?
Braziliya saylovga qaytmoqda, voqealar ta’siri butun dunyoda seziladi. Amazonka sayyoramiz salomatligi uchun juda muhim bo‘lgani sababli, saylov mintaqa kelajagini shakllantirishga yordam berishi mumkin.
Braziliyadagi prezidentlik poygasi kabi ekologik ahamiyatga ega milliy saylov kam uchraydi. Jarayonni mamlakat chegarasidan tashqarida ham kuzatishmoqda.
Amazonka tropik o‘rmonining eng ko‘p qismi joylashgan Braziliya hayotiy muhim uglerod yutuvchisi qo‘riqchisi bo‘lib, ayni omil mamlakatning tabiatni muhofaza qilish siyosatini dunyo miqyosida dolzarblashtirgan.
Ekologlar allaqachon o‘ng qanot vakili, sobiq Prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li Flavio saylovning birinchi bosqichida amaldagi yetakchi Luiz Inasio Lula da Silvadan 2 foiz oldinga chiqqanidan xavotir bildirmoqda.
– Bu ikkinchi kelishi bo‘ladi, demak yanada radikal Bolsonaru, – dedi Braziliya nodavlat notijorat tashkilotlari tarmog‘i hisoblangan “Climate Observatory” xalqaro siyosat koordinatori Klaudio Anjelo. – Garchi vahimachi ko‘rinsam-da, aytishim mumkin, Lula qayta saylanishi biz va “Amazonka” intihosi o‘rtasida turgan yagona omil.
Amazonka tropik o‘rmoni – tabiatning kuchli himoyachisi
O‘nlab yil davomida tropik o‘rmon iqlim o‘zgarishiga qarshi tabiatning eng kuchli himoya vositalaridan biri bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Afsuski, mintaqa keng ko‘lamli o‘rmon kesilishidan aziyat chekmoqda.
Jair Bolsonaru prezidentligi davrida – 2019-2023-yillar oralig‘ida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari zaiflashdi, huquqiy amaliyot ta’siri kamaydi. Natijada tropik o‘rmon misli ko‘rilmagan sur’atda kesildi.
– Tabiat kun tartibi e’tibordan chetda qoldi va hukumatning umuman ifloslanish, xususan o‘rmon kesilishi ustidan nazorati darajasi o‘zgardi, – deydi Berlindagi “Climate Analytics” tahlil markazi iqlim siyosati bo‘yicha rahbari Klaudio Forner.
To‘rt yil davomida Amazonkaning taxminan 45,586 km2, ya’ni Daniya hududidan kattaroq maydoni vayron bo‘ldi. O‘rmon endi avvalgidek chidamli emas. Olimlar ayrim yashil hududlar hozir uglerodni o‘zlashtirishdan ko‘ra ko‘proq chiqarayotganidan ogohlantirmoqda.
Lula Amazonkani himoya qilish g‘oyasi bilan hokimiyatga keldi. 2030-yilgacha o‘rmon kesilishini to‘xtatishga chaqirish barobarida u nazoratni ham kuchaytirdi.
O‘rmon ona zaminning toza havosini asrovchi qo‘rg‘ondir.
A.Mamatov, O‘zA