Kasanachilik nima? Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida bu borada qanday muhim oʻzgarishlar mavjud?
Huquqiy munosabat
Kasanachilik hunarmandlarning mehnat shartnomalari asosida yollanib, oʻz uyida yoki yashash joyida xizmat koʻrsatishidir. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga kasanachilik ham kiritilgan boʻlib, uning faoliyatida ayrim oʻzgarishlar boʻldi. Mazkur oʻzgarishlar xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov quyidagilarni soʻzlab berdi.
– Kodeksning 443-moddasiga koʻra, kasanachilik tuziladigan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs (kasanachi) tomonidan oʻz yashash joyi boʻyicha yoki kasanachiga yoxud uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan yoki kasanachi tomonidan ijaraga olingan boshqa xonalarda ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish borasida amalga oshiriladigan ishdir.
Mehnat kodeksining 444-moddasida 16 yoshga toʻlgan jismoniy shaxs kasanachi boʻlishi mumkinligi belgilangan.
– Qanday holatda kasanachilikni qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi?
– Mehnat kodeksining 445-moddasiga binoan kasanachilikni qoʻllashga, basharti agar kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachilikni bajarish uchun zarur binolarga, shu jumladan turar joylarga, shuningdek, ishni bajarish uchun amaliy koʻnikmalarga ega boʻlsa yoxud ishni bajarishga oʻqitilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Eʼtibor berish kerakki, kasanachilik amalga oshiriladigan turar joylarni yashash uchun moʻljallanmagan joylar toifasiga oʻtkazish talab etilmaydi.
Kasanachilik texnologiya jarayoni va boshqa shart-sharoitlar uy sharoitlarida butlovchi buyumlarning, yarim tayyor mahsulotlarning, mahsulotlarning hamda ishlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish imkonini beradigan sanoat tarmoqlarida va xizmat koʻrsatish sohalarida tashkilotlar hamda ularning buyurtmalari boʻyicha uyda tovarlar ishlab chiqarayotgan yoki xizmat koʻrsatayotgan xodimlar oʻrtasidagi kooperatsiya asosida tashkil etiladi.
– Kasanachilikda qanday ishlarni (xizmatlarni) bajarishiga yoʻl qoʻyilmaydi?
– Mehnat kodeksining 445-moddasiga binoan kasanachining quyidagilarni talab qiladigan ishlarni (xizmatlarni) bajarishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Jumladan, qonunchilikda belgilangan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya (ruxsatnoma) olishni, uyda kuch sarflab ishlatiladigan, koʻp energiya sarflanadigan va texnik jihatdan murakkab asbob-uskunalardan, shuningdek, xavfli kimyoviy komponentlardan foydalanishni hamda uy sharoitlarida nazorat qilib boʻlmaydigan maxsus texnika xavfsizligiga rioya etishni.
Yana bir muhim jihati shundaki, kasanachilar uchun ishlarning (xizmatlarning) muayyan turlari ularning amaliy koʻnikmalari va sogʻligʻining holati hisobga olingan holda ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
– Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi qanday shaklda boʻlishi kerak?
– Mehnat kodeksining 446-moddasiga binoan kasanachilikni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan jismoniy shaxs bilan ish beruvchi oʻrtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi.
Kasanachiga taʼtillar berish, uni ijtimoiy sugʻurta qilish, uning pensiya taʼminoti shartlari, ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun kasanachi oʻz uskunasi, asbobi va jihozidan foydalangan taqdirda uning xarajatlari oʻrnini qoplash tartibi va shartlari, ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan kasanachi foydalangan energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarning oʻrnini qoplash (kompensatsiya qilish) tartibi, kasanachi mehnat shartnomasida shartlashilgan mehnat vazifalarini amalga oshirishi uchun unga berilgan uskuna, asbob va jihozni taʼmirlash yuzasidan ish beruvchining majburiyatlari mavjud.
– Kasanachi ish vaqtini oʻzi mustaqil belgilay oladimi?
–Albatta, kasanachi ishlab chiqarish topshirigʻi hajmidan hamda mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda oʻzi uchun ish vaqti davomiyligini, ish jadvalini va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Yana bir muhim qoida shundaki, kasanachi ish vaqtini oʻz xohishiga koʻra taqsimlashini inobatga olib, u bajargan barcha ish uchun bir hissa miqdorda haq toʻlanadi va unga nisbatan ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganligi uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmay di.
– Kasanachilik bilan shugʻullanuvchilarga taʼtil beriladimi?
– Ha, albatta. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 449-moddasiga asosan kasanachining yillik mehnat taʼtili davomiyligi, agar kasanachi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi koʻproq boʻlgan yillik mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, yigirma bir kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas. Kasanachilarga yillik mehnat taʼtilini berish vaqti va navbati kasanachi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan jadvalda belgilanadi.
Mehnat kodeksining 450 moddasiga koʻra kasanachilarning ishiga, qoida tariqasida, ishbay haq toʻlanadi. Haq toʻlash amalda bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun yoki sifati boʻyicha belgilangan talablarga javob beruvchi ishlab chiqarilgan mahsulot uchun amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar taraflarning kelishuviga koʻra tegishli ishlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqti hisobidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Ishbay haq toʻlanadigan muayyan ish uchun kasanachining ish haqi miqdori ish beruvchining oʻz ishlab chiqarishida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlariga taqqoslanadigan boʻlishi kerak.
–Kasanachi bilan qanday asoslarga koʻra mehnat shartnomasi bekor boʻlishi mumkin?
–Mehnat kodeksining 451-moddasida nazarda tutilgan holatlarda yaʼni kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu kodeksda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda, shuningdek mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, OʻzA