Mustaqil hayot sari yo‘l olishdi
Sayxunobod tumanida bugun ertalabdan barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari yuksak ko‘tarinki ruh, samimiy hayajon va bayramona kayfiyat bilan o‘tkazildi.
Ushbu sana bitiruvchilar hayotida bolalik va o‘quvchilik davrining mantiqiy yakunlanishi hamda mustaqil hayot sari mas’uliyatli qadam qo‘yish ostonasi sifatida yodda qoldi.

Joriy yilda tumandagi 41 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasini 817 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli yakunlab, mustaqil hayot sari yo‘l olmoqda. Ular uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari oddiy ramz emas, balki orzu va maqsadlar, yangi marralar sari yo‘l ochuvchi ma’naviy burilish nuqtasiga aylandi.

Asosiy tantanali tadbirlardan biri “Shodlik” mahallasidagi 1-umumta’lim maktabida “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida tashkil etildi.

Tadbir davomida ta’lim jarayonida faol bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning ustozlariga esdalik tashakkurnomalar topshirildi. Bu e’tiroflar maktab, oila va mahalla hamkorligi yanada mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon qildi.

Ayni shu lahzalarda ramziy “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangrab, bitiruvchilar uchun maktab bilan xayrlashuv, bir davrning yakunlanishi va yangi hayot sari ilk qadamlarning boshlanishini anglatdi.

Ko‘zlarda shodlik va hayajon, yuraklarda esa umid va ishonch mujassam bo‘lgan ushbu onlar ularning hayot yo‘lida unutilmas xotira bo‘lib qolishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri