Yosh suzuvchilar mahorati sinovdan o‘tdi
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi suzish havzasida sportning suzish va parasuzish turlari bo‘yicha “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining II bosqichi — “Hokim Olimpiadasi” bahslari yuqori kayfiyat va qizg‘in raqobat muhitida o‘tkazildi.
Musobaqada viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan iqtidorli yosh sportchilar ishtirok etishib, suv yo‘laklarida o‘zaro kuch sinashdilar. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar tezkorlik, chidamlilik va yuksak mahorat namoyish etishib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdi.


G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Jizzax viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Nozimjon Usmonov, Milliy olimpiya qo‘mitasining Jizzax viloyati bo‘limi ijrochi direktori Akmal Ahmedov hamda soha mutasaddilari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘z olganlar yosh sportchilarga respublika bosqichida omad va zafarlar tilashdi.


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlanishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri