Jon Zaidi: O‘zbekistonda energetika rivoji malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda
Mamlakatimizda mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash va yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashga qaratilgan xalqaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Bu borada Saudiya Arabistoni bilan yo‘lga qo‘yilayotgan tashabbus nafaqat kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, balki energetika va infratuzilma kabi istiqbolli tarmoqlar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Bu haqda “Acwa” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Jon Zaidi O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, joriy yilning 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida erishilgan natijalarni alohida qayd etgan bo‘lardim. Xususan, mazkur hamkorlikni amaliy jihatdan yanada mustahkamlashda “TXIF-2026” muhim maydon vazifasini o‘tadi. Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Saudiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamda Saudiya Arabistoni Energetika va suv ta’minoti akademiyasi vakillari tomonidan tegishli bitim imzolandi.
E’tiborlisi, tomonlar forum doirasida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida o‘zbekistonlik yoshlarni kasbiy kamol toptirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan strategik sheriklikka start berdi. Tashabbus yuqori texnologik tarmoqlarda malakali kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish va yosh mutaxassislar hamda xalqaro ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan.
Loyihani muvofiqlashtirish va kengaytirish uchun Birlashgan boshqaruv qo‘mitasi tuziladi. Birinchi rais Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili bo‘ladi. O‘quv dasturlarini ishlab chiqish Saudiya Arabistoni energetika sektori uchun asosiy kadrlar konveyeri bo‘lgan Energetika va suv ta’minoti akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekistondagi “Acwa” tashabbusning asosiy hamkori hisoblanadi.
Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi strategik sheriklikning bir qismi bo‘lganimizdan mamnunmiz. Akademiyamiz 17 yildan ortiq vaqt davomida Saudiya Arabistonining suv va energetika sohalari uchun xalqaro standartlar asosida mutaxassislar tayyorlab kelmoqda va ishonamizki, bu tajribaga O‘zbekistonda ham talab bo‘ladi.
Imzolangan bitim kuchli ta’lim ekotizimini yaratishga zamin hozirlaydi. Loyihaning birinchi yiliyoq biz EWA modeli bo‘yicha ishlab chiqilgan maqsadli kasbiy tayyorgarlik dasturlari doirasida 100 nafar o‘zbekistonlik yoshlarni o‘qitishni rejalashtirganmiz. Shunday qilib, biz O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan Saudiya kompaniyalari standartlariga javob beradigan yuqori malakali ishchi kuchini shakllantiramiz.
Strategiyaning amaliy ijrosi malakali ish o‘rinlarini yaratish yuqori ahamiyatga ega bo‘lgan Qoraqalpog‘istonda boshlanadi. Shu maqsadda “Acwa” mahalliy vakolatxonasi (ACWA Power Sergeli) Nukus tumani hududiy elektr tarmoqlari (Nukus District Energy FE LLC) bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur hamkorlik mintaqa yoshlari uchun O‘zbekistonda ham, xorijda ham xalqaro ko‘nikmalarni egallash va energetika sohasida ishlash imkoniyatini ochadi.
O‘zbekistonda energetika loyihalari o‘sishda davom etadi. Shuning uchun o‘z mutaxassislarimizni tayyorlash juda muhim. “Acwa” misolida olti yil ichida biz mamlakatda noldan 12 gigavattgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdik. Bizda qurilish bosqichida ko‘plab loyihalar mavjud. Masalan, Samarqandda yana 1000 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyalari va 1500 MVt/soat quvvatga ega energiya jamlash tizimlarini o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Bugun O‘zbekiston Prezidenti e’lon qilgan keng ko‘lamli sanoat tashabbuslari ko‘p energiya talab qiladi. Demak, mamlakatga ko‘plab yuqori malakali kadrlar kerak bo‘ladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yangi kelishuv investorning mavjud ta’lim tashabbuslarini yanada kengaytirdi. Avvalroq “ACWA” Sirdaryo viloyatidagi Shirin energetika kollejida o‘quv tizimini modernizatsiya qilib, texnik mutaxassislarni tayyorlashning xalqaro standartlarini joriy etgan edi.
Loyihaning moliyaviy barqarorligini Saudiya Arabistonining yirik investorlari ta’minlaydi. “TXIF-2026” doirasida “ACWA Power Sergeli” Saudiya Arabistonining suv resurslari va infratuzilmani boshqarish sohasidagi yetakchi operatori “Miahona” korporatsiyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini ham imzoladi. Mamlakatda kompaniya davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sanoat korxonalari va munitsipal ob’ektlar uchun suv ta’minoti hamda oqova suvlarning to‘liq siklini ta’minlaydi.
Ushbu hujjatga asosan “Acwa” operatsion va uslubiy markaz rolini o‘z zimmasiga oladi. Vakolatli tuzilmalar Saudiya Arabistoni Energetika va suv ta’minoti akademiyasi (EWA) bilan hamkorlikda kompaniya loyihani nazorat qiladi va texnik rahbarlik qiladi. Har ikki tashkilot ekspertlari o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchilar tarkibini rivojlantirish, shuningdek, o‘qitish sifatini nazorat qilish va talabalarning o‘zlashtirishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi. Bunday kompleks yondashuv bitiruvchilarning kompetensiyalari mehnat bozorining joriy va kelajakdagi talablariga mos kelishini kafolatlaydi.
O‘z navbatida, “Miahona” korporatsiyasi o‘quv mashg‘ulotlargi homiylik qiladi. Shu bilan birga, hamkorlik faqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanmaydi, balki kelishuv Saudiya Arabistonining ilg‘or tajribasini ta’lim jarayoniga integratsiya qilishni ham nazarda tutadi. “Miahona” loyiha ishtirokchilari uchun o‘zining texnik maslahatchilari va xalqaro bilimlar bazalaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning amaliyot o‘tashini, ishlab chiqarish va real sanoat ob’ektlariga muntazam borishlarini ta’minlaydi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.