Chortoqda yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanida yirik infratuzilma va bunyodkorlik loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tumanda olib borilayotgan qurilish ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab D–111 avtomobil yo‘lining 15–16-kilometrlarida joylashgan temir yo‘l ustidan o‘tgan ko‘prikni to‘liq qayta qurish ishlari ko‘zdan kechirildi. 1974-yilda barpo etilgan mazkur ko‘prik Uychi va Chortoq tumanlarini bog‘lovchi muhim transport inshooti hisoblanadi. Qiymati 36 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida har ikki yo‘nalishda ikki tasmadan iborat, jami to‘rt tasmali hamda piyodalar uchun alohida yo‘laklarga ega yangi ko‘prik qurilmoqda.
Shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘rta shaharlarni rivojlantirish” loyihasi doirasida Furqat nomli madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Qiymati 34 milliard 854 million so‘m bo‘lgan loyiha asosida bog‘ hududi kengaytirilib, zamonaviy landshaft yechimlari, yoritish tizimi, attraksionlar, sport va dam olish maydonlari barpo etilmoqda.
Tumanda shaharsozlik, turizm va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan “Chortoq – turizm shaharchasi” konsepsiyasi doirasida “Yangi Chortoq” shaharchasini barpo etish ham rejalashtirilgan. Noyob tabiat bag‘rida joylashgan 60 gektar maydonda 10 ming nafardan ortiq aholi yashashi, mehnat qilishi va dam olishi uchun barcha zamonaviy sharoitlarga ega hudud tashkil etiladi.
Loyiha doirasida Ma’muriy markaz, ko‘p qavatli uylar, maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti, poliklinika, ta’lim va IT markazlari, sport inshootlari hamda turizm ob’ektlari qurilishi ko‘zda tutilgan. Chortoqsoy sohilida mehmonxona, sanatoriy, osma dor yo‘li, restoran va kafelarni o‘z ichiga olgan zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.
[gallery-30257]
Tashrif davomida Katta Namangan kanali qirg‘oq hududida amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Ayni paytda bu yerda zamonaviy piyodalar yo‘lagini barpo etish ishlari jadal davom etmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA