To‘raqo‘rg‘onning besh mahallasida asfaltlashtirish ishlari jadal
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida tashabbusli byudjet va boshqa loyihalar doirasida bir vaqtning o‘zida beshta mahallada asfaltlashtirish ishlari olib borilmoqda.
2026-yilning birinchi mavsumida “Tashabbusli byudjet” jarayonlari tumanda faol va uyushqoq tarzda o‘tkazildi. Jami 98 ta taklif axborot portali orqali ilgari surildi. Bu esa aholining o‘z yashash muhitiga daxldor masalalarga befarq emasligini yana bir bor tasdiqladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumiy qiymati 19 milliard 775 million so‘m bo‘lgan 12 ta loyiha g‘olib deb topdi. Bundan tashqari, “Bordimko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inining sherikchilik asosidagi 799,7 million so‘mlik loyihasi ham ma’qullandi.
Ayni kunlarda “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan Ozod, Katta Qo‘rg‘oncha va Qodirobod mahallalarida, boshqa dasturlar doirasida esa Gulqishloq va Shovon mahallalarida, Isvaxon mahallasida esa homiylar ko‘magi bilan asfaltlashtirish ishlari davom etmoqda.
Jumladan, Ozod mahallasida 12 ta ko‘chaning jami 8 ming 100 metr qismiga asfalt yotqizish boshlangan. Bu ishlar uchun 3 milliard 396 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, dastlabki ishlar “Chortoq yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mazkur mahallani “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi asosida ham obodonlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar boshlanish arafasida.
[gallery-30258]
Ta’kidlash joizki, bunday loyihalar aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA