Jomboyda AGTKSH tizimga 6,4 milliard so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazdi
Samarqand viloyatida tabiiy resurslardan samarali va qonuniy foydalanishni ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida yana bir jiddiy qonunbuzilish holati fosh etildi. Jomboy tumanida joylashgan “Sh.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida (yirik miqdordagi noqonuniy faoliyatga barham berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mutasaddi idoralar tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida xususiy korxonaga tegishli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida qator qoidabuzarliklar aniqlangan. Xususan, ob’ektda loyiha talablariga zid ravishda qo‘shimcha kompressor qurilmasi o‘rnatilgani hamda gazni hisobga olish tizimi belgilangan me’yorlardan tashqari ishlatilgani fosh etildi.
Aniqlangan holatlar natijasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati qayd etildi. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu qonunbuzilish ortidan davlat manfaatlariga 6 milliard 480 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, holat yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ayni paytda mazkur ish yuzasidan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish jarayoni davom etmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA