Jizzaxda innovatsion agrotexnologiyalar yuqori hosildorlikni ta’minlamoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, resurstejamkor agrotexnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Do‘stlik tumanida faoliyat yuritayotgan “Olmos gamboy” fermer xo‘jaligi ana shunday zamonaviy yondashuvlar asosida yuqori hosil olayotgan xo‘jaliklardan biri.
1996-yilda 30 gektar maydonda ish boshlagan fermer xo‘jaligining bugungi yer maydoni 110 gektarga yetkazilgan. Joriy yilda 70 gektar maydonda “Alekseyevich” navli g‘alla parvarishlanib, gektaridan 85 sentnergacha hosil olindi.
Ayni paytda xo‘jalikning 40 gektar maydonida paxta yetishtirilmoqda.
— Bu yil resurstejamkor agrotexnologiyalarni qo‘llashga alohida e’tibor qaratdik. Ilgari paxtani 90 santimetr oraliqda ekkan bo‘lsak, hozir 76 santimetr oraliqda qo‘shqator usulidan foydalanyapmiz. Natijada 50 gektar maydondan qariyb 7,5 gektar yer tejaldi. Mazkur usul hosildorlikni oshirish imkonini bermoqda, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari Hamza Botirov.
[gallery-30863]
Xo‘jalikda ochiq maydonlarga “T-115” va “S-43” navli paxta ekilgan bo‘lib, monitoring natijalariga ko‘ra hosildorlik 60-66 sentnerni tashkil etmoqda. O‘tgan yili plyonka ostida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida “S-57” navidan gektariga 65 sentnerdan hosil olingan.
Paxtachilikda qo‘l mehnatini kamaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, begona o‘tlarga qarshi maxsus purkagichlar yordamida gerbitsidlar bilan ishlov berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu usul mehnat va mablag‘ sarfini kamaytirish bilan birga, maydonlarni begona o‘tlardan toza saqlash imkonini bermoqda. Natijada 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ tejalgan.
Fermer xo‘jaligida 10 nafar doimiy ishchi va 2 nafar traktorchi mehnat qiladi. Xo‘jalikning zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlangani agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ishchilarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida har bir xodimga 5 tonnadan g‘alla ajratilgan. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida mosh ekish uchun yer ajratilgan. Xodimlar bu maydonlardan 3-4 tonnadan mosh hosili olib, oila daromadini oshirish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, ishchilarning chorva mollari uchun ozuqa bazasini yaratish maqsadida beda, makkajo‘xori va silos yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA