“Aqlli chorvachilik” markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va zamonaviy agroxizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda.
O‘zbekiston vakillari Janubiy Koreyaning KOAMI, Jeonbuk Technopark va TYM kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda chorvachilikni raqamlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hamkorlik doirasida 2028–2030-yillarda Toshkent viloyatida “Aqlli chorvachilik” markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Markazda chorva mollarini sun’iy intellekt asosida monitoring qilish, avtomatik boshqaruv, aniq oziqlantirish va raqamli kuzatuv tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, chorvachilik va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida 300 nafar mutaxassisni Janubiy Koreyada o‘qitib, malakasini oshirish rejalashtirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish yo‘nalishida ham amaliy loyihalar boshlangan. Xususan, TYM kompaniyasi bilan hamkorlikda metanda ishlaydigan traktorlarni sinovdan o‘tkazish va ularni agroxizmatlar faoliyatiga joriy etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Dastlabki bosqichda 37 dona traktor “Respublika agroxizmatlar” korxonasiga taqdim etilib, ularning samaradorligi ikki yil davomida o‘rganiladi. Sinov natijalariga ko‘ra, mazkur texnikalarni O‘zbekistonda mahalliylashtirish va ishlab chiqarish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
M. HOJIAKBAROVA,
O‘zA