Jahon chempionatining "I" guruhidan joy olgan jamoalar turnir davomida qanday liboslarda harakat qilishi ma’lum
"I" guruhidan joy olgan Fransiya, Senegal, Iroq va Norvegiya terma jamoalari qaysi brend liboslaridan foydalanishini e'lon qildi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda "I" guruhidan joy olgan Fransiya, Senegal, Iroq va Norvegiya terma jamoalari qaysi brend liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Guruhning birinchi jamoasi Fransiya termasi ushbu turnir davomida Nike tomonidan ishlab chiqarilgan liboslardan foydalanadi. "Uch ranglilar"ning uy libosi to‘q ko‘k rangda ishlangan bo‘lib, uning ustiga mayin geometrik naqshlar bilan ishlov berilgan. Libosning birinchi ko‘zga tashlanadigan joyi polo shaklida ishlangan oq yoqasi hisoblanadi.

Fransiyaliklarning safar formasi noodatiy tarzda ishlanganligi bilan ajratilib turadi. Chunki bu libos Fransiyadagi ozodlik haykalidan ilhomlangan holda och mint yashil rangda yaratilgan. Libosning ikki yon tomoniga va yeng qismiga ingichka qora chiziqlar bilan ishlov berilgan.

Guruhning ikkinchi termasi Senegal jamoasi ushbu turnirga Puma brendi ostidagi kiyimlarda tashrif buyuradi. Senegalning uy libosi oq rangda ishlangan bo‘lib, uning oldi qismi ushbu davlatning tarixiy naqshlari bilan bezatilgan. Libosning yoqa qismi dumaloq shaklda ishlangan va yashil rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Formaning ikki yon tomoniga ham aynan yashil rang bilan ishlov berilgan.

Senegalliklarning ikkinchi libosi yashil rangda yaratilgan. Formaning markaz qismiga Afrika madaniyati eslatib yuboruvchi naqshlardan foydalanilgan. Libosning yoqa qismi dumaloq shaklda ishlangan bo‘lib, qizil va sariq ranglar bilan ajratilib qo‘yilgan. Formaning ikki yon tomoni esa qizil rang bilan dizayn qilingan.

Guruhning uchinchi jamoasi Iroq termasi turnir davomida Jako tomonidan yaratilgan liboslarda harakat qiladi. Iroqning uy libosi to‘q yashil rang hisoblanadi. Libosning oldi qismiga harakat effektini eslatuvchi mayda oq nuqtali va egri chiziqli dizayndan foydalanilgan. Shuningdek formaning yoqa va yeng qismlari oq rang bilan ajratilib qo‘yilgan.

Iroqliklarning ikkinchi libosi birinchisi bilan va faqat rang jihatdan farq qiladi. Ularning safar libosi oq rangda ishlangan va dizayni uy libosiniki bilan deyarli o‘xshash. Shuningdek libosning yoqa va yeng qismlari qora rang bilan ajratilgan.

Guruhning so‘nggi termasi Norvegiya jamoasi mundialda Nike brendi tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda harakat qiladi. Norvegiyaning uy libosi yorqin qizil rangda bo‘lib, uning ustiga Norvegiya bayrog‘iga o‘xshash katta ko‘k chiziqlar bilan ishlov berilgan. Shuningdek, ko‘k chiziqlar ichida nozik ornamentga o‘xshash naqshlar ham ishlatilgan. Formaning yoqa qismi oddiy dumaloq shaklda ishlangan.

Norvegiyaning safar libosi to‘liq qora rangda ishlangan. Libos ortiqcha naqsh va ranglarsiz oddiy dizaynda yaratilgan. Formaning yoqasi dumaloq shaklda ishlangan.
